Ayol qarzi evaziga 23 yoshli qizni Turkiyada sotib yuborgani aniqlandi
Navoiy viloyati IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashovchi 1969 yilda tug‘ilgan fuqaro Q.M. Navoiy shahrida yashagan 1998 yilda tug‘ilgan M.G‘.ni dastlab, Toshkent shahrida joylashgan savdo do‘konlarida ishlatishni maqsad qiladi va aldab olib ketadi.
Biroq berilgan va’dalar va’daligicha qolib, oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan nafsi hakalak otgan ayol endigina 23 bahorni qarshilagan qizni 2020 yilning oktyabrida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaga olib chiqib ketadi.
Ayon bo‘lishicha, ayol degan nomga nomunosib Q.M. g‘arazli va past maqsadlarni ko‘zlab, ushbu davlatda mavjud qarzi evaziga uni Turkiyada yashovchi fuqarolarga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “z” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.