Ayrim hududlarda ishchilarning ma’lumotlari soliq platformasiga to‘liq joylashtirilmagan: Viloyat hokimligida pillachilik sohasidagi ishlar muhokama etildi

Aytilishicha, bu yil viloyatda 3109 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, mavsumda 54 ming 518 quti ipak qurti parvarishlangan.

Pilla yetishtirish mavsumida 78 ming aholi mavsumiy ishga jalb etilgan. Pilladan keladigan yillik daromad 76,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, Prezident tashabbusi bilan har bir kilogramm topshirilgan pilla uchun 5 ming so‘mdan subsidiya puli berilmoqda.

- Biroq barcha hududlarda ham pillachilik bo‘yicha belgilangan ishlar yetarli darajada olib borilmayapti - dedi Erkinjon Turdimov.

Jumladan, Oqdaryo, Bulung‘ur, Jomboy, Qo‘shrabot, Toyloq va Urgut tumanlarida yetishtirilgan pilla hisobotlari statistika bo‘limlariga taqdim etilmagan.

Pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan mavsumiy ishchilar ishga olinib, ularning bandligi ta’minlangan bo‘lsa-da, Paxtachi, Oqdaryo, Payariq, Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlarida ishga joylashtirilgan aholi ma’lumotlarini soliq platformasiga joylashtirish ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Muhokama davomida hudud rahbarlari, soha mas’ullariga yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklari birma-bir sanab o‘tildi. Yakunda olib borilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil qilish zarurligi, subsidiya mablag‘lari ipak qurti boquvchi zvenolarga qonuniy va to‘g‘ri tarqatilishini ta’minlash borasida zarur topshiriqlar berildi.