“Ayrim yo‘nalishlar avtobus yetishmasligi sabab to‘xtab qolgan”: Transport boshqarmasi so‘rovnoma yuzasidan munosabat bildirdi
Jamoat transporti bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish maqsadida kanalimizda so‘rovnoma o‘tkazilgandi.
Viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati so‘rovnoma natijalari yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan rejalar haqida ma’lumot berdi.
“So‘rovnomada ishtirok etganlarning 25 foizi jamoat transportida xizmat ancha yaxshilanganini e’tirof etgan, bu oldingi yillardagiga nisbatan iliqroq natija bo‘lib, sohadagi ayrim o‘zgarishlar natijasini berayotganidan darak.
Albatta, hozir ham muammolar borligi rost. Bugungi kunda viloyat miqyosida 69 ta avtobus yo‘nalishi avtotransport vositasi yetishmasligi natijasida to‘xtab qolgan. Ushbu yo‘nalishlarni qayta tiklash uchun 367 ta avtobus talab qilinadi. Shuningdek, 28 ta yo‘nalishli taksi (“Damas” va boshqa transportlarda) yo‘nalishlari mikroavtobuslar yetishmasligi natijasida to‘xtab turibdi. Ushbu yo‘nalishlarga 320 ta transport vositalari joylashtirilishi belgilangan.
Samarqand shahrida aholini jamoat transporti bilan ta’minlash hamda transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida ishlab chiqilgan bosh rejaga asosan 503 ta zamonaviy talablar asosida jihozlangan avtobus kerak. Bugungi kunda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan rejadagi avtobuslarning 124 tasi olib kelingan. Albatta, bu juda kam ko‘rsatkich. Bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Viloyat transport boshqarmasi tomonidan mazkur yo‘nalishlarni qayta tiklash uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan.
Shuddi shu o‘rinda aholining transportga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tsak. Hududlarni jamoat transporti bilan qamrab olish maqsadida yil yakuniga qadar 304 ta avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan. Shundan 94 ta elektrobus ETTB banki hamkorligida, 160 tasi (90 avtobus, 70 elektrobus) “Maroqand Trans 777” MChJ, 40 tasi “Samarqand Hamkor Trans” MChJ hamda 10 tasi “Sevinch Trans Servis” MChJ tomonidan olib kelinishi uchun dastlabki hujjatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, Transport boshqarmasi ko‘magida 100 ga yaqin mikroavtobuslar olib kelish borasida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Haydovchilarning qo‘polligi alohida masala. Ularning yo‘lovchilarga samimiy munosabatda bo‘lishi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
Avtomobil transporti sohasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, haydovchi va yo‘lovchilar o‘rtasida kitobxonlik targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish maqsadida Samarqand viloyati transport boshqarmasi hamda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumda “Men yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish tarafdoriman” va “Eng zukko haydovchi” loyihalarini amalga oshirish, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda "ma’naviyat burchagi” tashkil qilish, yo‘lovchilar o‘rtasida turli xil viktorinalar o‘tkazish kabi masalalarga urg‘u berilgan. Shuningdek, joylarga chiqqan holda haydovchilar o‘rtasida ma’naviy dars soatlari tashkil etiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasida samimiy munosabatni muhitini yaratishdan iborat.
O‘z o‘rnida jamoat transportiga befarq bo‘lmagan, ushbu so‘rovnomada qatnashgan hamda o‘z fikr va takliflarni bildirgan barchaga minnatdorlik bildiramiz. Aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish viloyat transport boshqarmasining oldiga qo‘yilgan asosiy vazifasi ekanligini aytib o‘tmoqchimiz” deyiladi munosabatda.