Jamoat transporti yo‘lovchilar talabiga javob beryaptimi?

Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda ana shu savolga javob izlandi.

Unda viloyat transport boshqarmasi transport harakatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Mahmud Uzoqov jurnalistlarga viloyatimizda jamoat transportining holati, yo‘lovchilarga yaratilayotgan sharoit va qulayliklar hamda joriy yilgi rejalar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Jumladan, bugun kunda viloyatimiz shahar va tumanlarida 2772 ta transport vositalari belgilangan 348 ta yo‘nalishda, 18615 ta yo‘nalishsiz taksilar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning 537 tasi avtobus, 147 tasi mikroavtobus hamda 2088 tasi “Damas” rusumli transport vositalari hisoblanadi. 2024 yilda 119 ta yangi zamonaviy avtobus, jumladan, 94 ta elektrobus, 25 ta avtobus va 13 ta zamonaviy mikroavtobuslar yo‘lovchi tashish yo‘nalishlariga chiqarildi.

- O‘tgan davr mobaynida jamoat transportlari tomonidan 2883,3 ming yo‘lovchi tashildi, 64 ming nafar yo‘lovchi esa imtiyozli tarzda bepul o‘z manziliga yetkazib qo‘yildi, - deydi Mahmud Uzoqov. – Samarqand shahridagi tramvaylar yordamida kuniga o‘rtacha 10500 nafar yo‘lovchi tashilmoqda.

Transport boshqarmasi tomonidan Samarqand shahar transport harakati bosh rejasidan o‘rin olgan yo‘nalishlarga yangi avtobuslar olib kelish hamda joylashtirish yuzasidan tadbirkorlar bilan ish olib borilmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi 20 ta avtobus yo‘nalishlaridan tender asosida xizmat ko‘rsatish istagini bildirgan tashuvchilar bilan brutto-shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari, viloyatlararo, “Toshkent” - “Samarqand”, “Toshkent” - “Payariq”, “Toshkent” - “Jo‘sh”, “Navoiy” - “Ziyovuddin” kabi shaharlararo yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.

- Joriy yilda boshqarmamiz oldiga ko‘p vazifa qo‘yilgan, - deydi M.Uzoqov. – Mahalliy tadbirkorlar tomonidan 112 ta zamonaviy avtobus va 80 ta mikroavtobus olib kelish ko‘zda tutilgan. Shahardagi 23 ta yo‘nalishga elektron tender o‘tkazilib, cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni bosqichma-bosqich brutto-shartnoma asosida xizmat ko‘rsatilishi ta’minlanadi. Cho‘pon ota qo‘rg‘onida yangi zamonaviy avtovokzal foydalanishga topshiriladi. Samarqand tumanida 2 ta, Oqdaryo tumanida 1 ta avtostansiya tashkil etilib, Narpay tumanidagi avtostansiya rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 34 ta avtobus bekatlari quriladi. Jamoat transporti uchun 11,2 kilometr maxsus yo‘lak ajratiladi. Yo‘lovchi tashuvchi transportlar yetib bormagan mahallalar 12 ta yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi.

Matbuot anjumanida mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.