Aytsam, dilim – aytmasam, tilim...
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganiga 30 yildan oshdi. Shu davr ichida qonun ijrosi borasida ancha-muncha ishlar amalga oshirildi. Asrlar davomidagi turli bosqinlar oqibatida goh arab, goh fors, goh rus tillari soyasida qolib kelgan turkiy – o‘zbek tilimizni chinakam davlat tiliga aylantirish yo‘lida birtalay amaliy qadamlar tashlandi.
Albatta, nechog‘li muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsak, ularning barchasi o‘zimizning hisobimizdagi yutuqlarimizdir. Biroq davr “tulpori” shunchalik tez ilgarilamoqdaki, ko‘p holatlarda ortidan quvib, yetib ulgurolmay qolayotganimiz yaqqol sezilmoqda.
Aytaylik, Vatanimiz mustaqillikka erishganidan buyon o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholi jahon miqyosida taqriban 50 foizga ko‘payib, qariyb 40 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu esa o‘zbek tili ham dunyoning yirik tillaridan biriga aylandi deganidir. Ammo shuni taassuf bilan qayd etish mumkinki, tilimizga munosabatimiz uning buyuk mavqeiga sira-sira loyiq emas.
O‘zbek tiliga yuksak umid va ishonch bilan davlat tili maqomi berilganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, navbatdagi dadil qadam tashlandi. Ya’ni, lotin yozuviga asoslangan istiqlol alifbosini joriy etish haqidagi tarixiy qonun qabul qilindi. Afsuski, ushbu qonun ijrosi ham “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun singari nihoyatda sust bajarilmoqda. Hatto ayrim ziyolilarimiz tomonidan yana kirill yozuviga qaytish yoki bo‘lmasa, yangi imloni yana isloh qilish singari tashabbus-takliflar bildirilmoqda.
Rus alfavitiga qaytishni taklif qilayotganlar uchun javobimiz shuki, krill yozuvi ham aslida lotin alifbosining isloh qilingan bir shaklidir. Agar bunga ishonmasangiz, kirillcha harflarga ko‘zgu tutib qarab ko‘ring, shunda rus yozuvi isloh qilingan lotin harflarining o‘zginasi ekanligiga amin bo‘lasiz. Shu ma’noda, kirill yozuvi tarafdorlarining xafa bo‘lishlariga hech qanday asos yoki bahona yo‘qligi ayon bo‘ladi.
Yangi imlomizni qayta isloh qilish masalasiga kelsak, keyingi bir asr ichida yozuvimiz necha marta o‘zgartirilganini bir eslab ko‘raylik. Arab alifbosini “qoloq yozuv” dedilar. Holbuki, Abu Rayhon Beruniy, Al- Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi daholarimizning mumtoz asarlari arab alifbosida emasmidi?!
Ko‘p o‘tmay, 1929 yilda joriy etilgan lotin alifbosi ham kimlargadir yoqmay qoldi. Biroq rus yozuvi bilan ham ko‘zlangan maqsad-muddao amalga oshmadi. Vatanimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining joriy etilishi esa yangi tarixiy voqelikning o‘ziga xos bir nishonasi bo‘ldi. 1995 yilda amaliyotchi tilshunos – mutaxassislarning takliflari hisobga olinib, alifbomiz so‘nggi marta isloh qilindi. Mana, 20 yildan oshiq muddat davomida ushbu alifboni bolalarimizga o‘rgatib kelyapmiz. Ammo negadir, uni to‘liq joriy etish galdan-galga paysalga solinmoqda.
2018 yil oktyabr oyida Alisher Navoiy nomli Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tgan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish muammolari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida yangi imlomizning kamchiliklari va undagi ba’zi harflarni o‘qish-yozish noqulayligi haqidagi masala ko‘tarib chiqildi. Shu o‘rinda kishida bir savol paydo bo‘ladi: alifboni qulaylashtirish mumkinmi? Masalan, xitoy, yapon yoki koreys yozuvlarini qulay deb bo‘ladimi? Boshlang‘ich sinfni tamomlayotgan xitoylik o‘quvchi 500 dan ziyod iyeroglifni bilishi lozim ekan. Afsuski, ayrim ziyolilarimiz “noqulay” degan bahona bilan 25 yil davomida 25 ta harfni o‘rganishga hafsala qilishmadi. Ularning fikricha, “ch” va “sh” harflarini yozish noqulay emish. Holbuki, nemis alifbosida bitta “ch” tovushi to‘rtta, “sh” tovushi uchta, “x” tovushi esa ikkita harf bilan ifodalanadi. Ingliz va boshqa xalqlar alifbolarida ham shunga o‘xshash holatlar kuzatiladi. Nega ular alifbolarini bizga o‘xshab, qayta-qayta isloh qilmasdan, asrlar davomida bir shaklda saqlab kelishmoqda?! Bu ularning na aqliga, na taraqqiyotiga, na iqtisodiyotiga zarar keltirmayapti-ku!
Menimcha, bu o‘ylab ko‘rishga arziydigan gaplar.
Xudoyberdi KOMILOV.