Azaga borgan o‘z dardini aytib... yoki jurnalist matbuot anjumanida nimani so‘rashi kerak?

O‘zimizni o‘zimiz tuzatmasak bo‘lmaydigan ko‘rinadi. Hurmatli hamkasblar, jurnalist va blogerlar (faqat ayrimlar!) Gapni po‘stkallasidan boshlayman: matbuot anjumani sizga sayyor qabul emas!

Birinchidan, hokimlik vakili bo‘ladimi, vazirlik, agentlik, boshqarma boshliqlarimi, xullas, qaysi amaldor bilan matbuot anjumani tashkil etilsa, u sizning shaxsiy muammongiz uchun minbar bo‘lolmaydi.

Amaldor bilan matbuot anjumanida xalqqa, jamiyatga, umuman, ko‘pchilikka nafi tegadigan masalalar muhokama qilinadi.

Ikkinchidan, sizga tahririyatingiz oylik beryapti, bu anjumanda ishtirok etish va muhim savollarni berib, javobini yozishingiz uchun.

Uchinchidan, agar tahririyatda ishlamasangiz ham savolingiz kanalingiz yo ijtimoiy tarmoqdagi o‘quvchilaringiz uchun bo‘lishi kerak.

To‘rtinchidan, sizga o‘quvchilaringiz, auditoriyangizning qiziqishi ahamiyatsiz ham deylik. Ammo shunda ham shaxsiy masalada murojaat qilolmaysiz. Shaxsiy masalangiz bilan boshqalarning vaqtini ham olasiz.

Beshinchidan, bu ishingiz bilan amaldor oldida jurnalist va blogerlarni sharmanda qilasiz, ishoning. Professionallik emas bu ishingiz.

Shunday jurnalistlarni bilaman, agar shaxsiy masalasi bo‘lmasa, matbuot anjumanida qatnashmaydi...

Yana bir gap. Aksariyat blogerlar o‘ziga murojaat qilgan fuqaroning individual muammosi bilan boshqalarning vaqtini olib, qayta-qayta savollar bilan murojaat qiladi. Bu shaxsiy masaladan boshqacharoq, ammo bu ham etikaga to‘g‘ri kelmaydi. Yilda bir marta jurnalistlarga hisobot beradigan mutasaddini bitta odamning muammosi bilan band qilmang. Ommaga manfaatli savollar bering.

Rosti, bu holatlar anchadan beri g‘ashimga tegib yurgandi. Bugun mavridi kelganda aytishga majbur bo‘ldim. Aslo kasb bayramimiz arafasida ko‘nglingizni og‘ritish niyatim yo‘q. "Do‘st achitib gapiradi", deb qabul qilishingizni istayman.

Professional bo‘laylik, hamkasblar!

Anvar MUSTAFOQULOV.