Bulung‘ur tumani hokimi Bahodir Bahromov: Aksariyatimiz xalq bilan ochiq muloqotlarga tayyor emasmiz

– Mahallamizda elektr energiyasi o‘chib qoldi, “Ochiq muloqot”ni ko‘rolmayapmiz…

Bulung‘ur tumani hokimi Bahodir Bahromov, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining navbatdagi “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi chog‘ida Guliston mahallasida istiqomat qiluvchi Kamola Mamatova shu savol bilan mutasaddilarga murojaat qildi.

2018 yil 2 dekabr kungi muloqotda ham aynan elektr ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlar tushgan edi. Masalani o‘rganish borasida mas’ullar va’da bergandi. Ko‘rsatuvdan so‘ng viloyat teleradiokompaniyasi ijodiy xodimlari aholi tomonidan kelib tushgan savollar yuzasidan joylardagi vaziyatni o‘rganganda va’da bajarilmagan, hatto tilga olingan muammo yuzasidan joyiga tegishli idoralar vakillari bormagani kuzatilgan. Ayni holat yuzasidan tayyorlangan lavha muloqot davomida namoyish etildi.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Ikrom Murodov uzilishlarni quyidagicha izohladi:

– Qishning sovuq kunlarida fuqarolar tomonidan elektr isitish pechlaridan foydalanishi oqibatida transformatorlarga ortiqcha kuchlanish tushib, elektr energiyasida uzilish holatlari kuzatilyapti. Bunday holatlarning oldini olish uchun joriy yil tumanda 10 ta qo‘shimcha transformator o‘rnatilishi rejalashtirilgan. 31 kilometrlik yuqori kuchlanishga ega elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi hamda 27 kilometrlik past kuchlanishga ega elektr tarmoqlari yangilanishi 2019 yilgi dasturga kiritilgan.

Elektr tarmog‘idagi uzilishlarga isitish pechlarining haddan tashqari ko‘p ishlatilishi ham sabab bo‘layotgani bor gap. Bu esa tumanda aholi xonadonlarini isitish uchun ko‘mir yetarlicha yetkazilmaganidan dalolat beradi.

– Aholi murojaatlarida yo‘l muammosi ko‘p tilga olinyapti, – dedi tuman hokimi. – Har yili navbati bilan holati eng og‘ir yo‘llarni qayta qurib boryapmiz. Yana bir dolzarb muammo tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq. Aholiga rostini aytyapmiz: tabiiy gaz yetib bormayotgan joylarga 2018 yilning dekabr va joriy yil yanvar oyida aholiga qo‘shimcha mingga yaqin maishiy gaz ballonlari yetkazib berdik.

Tumandagi Qirq Ahmad qishlog‘idan Norbo‘ta Xoljigitov ichimlik suvi muammosi bo‘yicha, Bulung‘ur mahallasidan Aziza Umarova ishga joylashish, Baxshi mahallasidan Nazokat Qo‘ldosheva uy-joy sotib olish masalasida murojaat qildi. Umuman, ko‘rsatuv davomida aholidan 45 murojaat tushdi.

“Ochiq muloqot”ning bu sonida ham mas’ullar «bajaramiz, o‘rganamiz» qabilidagi va’dalarni berishdi. Ko‘rsatuvga kelib tushayotgan savollar, mavjud muammolar faqat aniqlik kiritish bilan hal etiladimi? Savollarga javob berish jarayonida  mas’ul rahbarlarning muloqotga tayyorgarliksiz kelgani ayon bo‘lib qoldi. Murojaatlarga asosan tuman hokimi javob beryapti, boshqa sektorlar rahbarlari esa jim.

– “Ochiq muloqot”da tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari uchinchi marta ishtirok etmoqda, – deydi tuman hokimi. – Birinchi bor o‘tkazilgan muloqotimizda aholini qiynab kelayotgan 19 ta savol kelib tushgandi. Ikkinchi muloqotdagi 50 ga yaqin savolga javob va yechim topish uchun mutasaddi idoralar rahbarlari joylarga chiqdi. Masalalarning aksariyati ijobiy hal etildi. Lekin bu tajribalar hali xalq bilan ochiq muloqotga tumanimizdagi aksariyat tashkilot rahbarlari tayyor emasligini ko‘rsatdi.

Bahriddin XONKELDIYeV.