Bank xodimi tanishining 71,2 ming dollari va 1 milliard so‘m pulini o‘z ehtiyojlariga sarflab, chet elga qochib ketdi
2020 yilning iyul oyidan dekabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 31 yoshli Husanjon T. Qo‘qon shahrida tanishi, 38 yoshli Kamoliddin I.ga bank tizimi pul o‘tkazmalari orqali pullarini aylantirib, ko‘p foyda olishi mumkinligiga qiziqtirib, undan 71 200 AQSh dollari va 1 009 258 000 so‘m mablag‘ini aldov yo‘li bilan olib, ushbu pullarni ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan Husanjon T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari jarayonida Kamoliddin I. Qo‘qon shahrida joylashgan xususiy korxona rahbari bo‘lib, «Agrobank»ning Qo‘qon shahar filiali mijozi ekanligi, ushbu bank xodimi Husanjon T. bilan ancha yildan beri tanish bo‘lganligi aniqlangan. Husanjonga 20 000 AQSh dollari qarz berganida u ushbu pullarni bankka qo‘yib foyda olishini aytib, bir oylik foydaning yarmi deb boshlanishiga 2.250.000 so‘m pul olib kelib berib, keyinchalik undan olgan pullari evaziga foydasi deb jami 240.000.000 so‘m pul mablag‘lari bergan. Kamoliddin ham qiziqib yanada ko‘proq pul berib borganligi, oradan ma’lum vaqt o‘tib, Husanjon T. xorijga chiqish pasportini olib Qirg‘iziston Respublikasiga chiqib ketib qolganligi, undan olgan pullarini bankka qo‘ymasdan ehtiyojlariga sarflab, bir qismiga yer uchastkasi sotib olib, bir qismini tanish ayoliga berganligi ma’lum bo‘lgan.
Hozirda Husanjon T.ni ushlash choralari ko‘rilmoqda.