Bankomatlarda nega naqd pul yo‘q?
Shu kunlarda aholi gavjum joylarda o‘rnatilgan bankomatlarda naqd pul olish uchun navbatlar ko‘paygan. Aksariyat bankomatlarda esa naqd pulning o‘zi yo‘q.
- Kecha bozorlik qilish uchun naqd pul olmoqchi edim, ammo birortasida pul yo‘q ekan, - deydi bizga qo‘ng‘iroq qilgan Ahror ismli kishi. – Katta umid bilan “Asakabank” viloyat boshqarmasiga kelgandim, bu yerda ham bankomatlar bo‘m-bo‘sh.
Bu gapning qanchalik to‘g‘riligini bilish uchun aksiyadorlik tijorat “Asakabank” Samarqand viloyat filiali mutaxassislari bilan bog‘landik. Mutaxassis “Kassaning o‘zida pul yo‘q, bo‘lsa qo‘yamiz” dedi-yu go‘shakni qo‘ydi. Shundan keyin bizda ham savol paydo bo‘ldi: haqiqatan ham viloyatimizda naqd pul tanqisligi yuzaga kelyaptimi?
- Bankomatlardan naqd pul berish boshlangan paytda bir mijozga beriladigan pul miqdori cheklangandi va bu bilan bir uskuna 500 dan ziyod mijozga xizmat ko‘rsatardi, - deydi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Furqat Ahmedov. – Bugungi kunda bunday cheklov yo‘q, natijada doimiy ravishda haftaning ikkinchi yarmida bankomatlardan naqd pul olish ko‘payadi. Ya’ni, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar plastik kartochkalarga kirim qilinishi tufayli har oyning 5-12 va 17-22 sanalari oralig‘ida bankomatlar orqali katta miqdordagi naqd pul mablag‘lari yechib olinadi.
Bundan tashqari, yil boshida viloyatimiz bo‘yicha 129 ta bankomat xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 200 dan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Shu bois, fuqarolarimiz zarurat bo‘lganda xizmat ko‘rsatuvchi bankning bankomatida naqd pul bo‘lmasa yaqin joydagi tijorat bankidan belgilangan xizmat haqi evaziga plastik kartochkasidagi mablag‘ni naqdlashtirish imkoniga ega.
Ayni paytda naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun bankomatlardan tashqari 21 334 ta to‘lov terminali va 337 ta infokiosklar xizmat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning yanvar oyida plastik kartochkalarga 353,4 milliard so‘m kirim qilingani holda, 397,8 milliard so‘m chiqim qilingan. Plastik kartalarga kirim qilingan mablag‘ning 299,9 milliard (85 foiz) so‘mi to‘lov terminallari orqali sarflanib, 97,9 milliard (28 foiz) so‘m mablag‘ bankomatlar orqali naqdlashtirilgan.
Iyul oyida plastik kartochkalarga 547,1 milliard so‘m mablag‘ kirim qilingan va 609,3 milliard so‘m sarflangan. Shundan 386,3 milliard so‘m mablag‘ga bilan to‘lov terminallari orqali savdo qilingan. Bankomatlardan 223 milliard (41 foiz) so‘m naqd pul yechib olingan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.