Barmoq izlari 4 yil ilgari sodir etilgan jinoyatni fosh etdi

2016 yil 11 oktyabrga o‘tar kechasi noma’lum shaxs Jondor tumanida yashovchi M.N.ning yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasidagi shkaf ichidan 50 AQSh dollari va 150.000 so‘m naqd pullarini o‘g‘irlab ketgan. Tergov tezkor guruhi tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, barmoq izlari va boshqa daliliy ashyolar olingan. Biroq o‘sha vaqtda olib borilgan surishtiruv ishlari natija bermagan. Shunga qaramay, jinoyatni fosh etish borasidagi ishlar davom ettirilgan.

Buni qarangki, oradan 4 yil o‘tib ushbu shaxs yana jinoyatga qo‘l urdi.

Surishtiruv davomida Jondor tumanida yashovchi 28 yoshli gumonlanuvchi X.Yo. tuman IIBga keltirilib, undan barmoq izlari olinganda, 2016 yil 11 oktyabr kuni hodisa joyidan olingan barmoq izlari bilan bir xil ekanligi aniqlangan. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Hozirda Jinoyat kodeksininning 169-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari qayta tiklandi.

E’tiborlisi, tergov davomida X.Yo.ning boshqa bir nechta jinoiy holatlarga ham aloqadorligi oydinlashmoqda.