Batat, bamiya, kalrabi karami yetishtirish, mandarin urug‘idan ko‘chat o‘stirish: Talabalar yangi, chetdan keltirilgan ekinlarni o‘zimizga moslashtirmoqda
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi. Unda yosh olimlarning startap loyihalari, laboratoriya va dala sharoitida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishtirildi.
Dastlab jurnalistlar tuproq tarkibini tahlil qiladigan laboratoriyada bo‘lishdi.
- Bizdan tadbirkorlar nafaqat tuproq tarkibini, balki o‘g‘it tarkibini ham tekshirib berishimizni so‘rashadi, - dedi qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Mansur Mashrabov. – Biz tadbirkorlarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatamiz. Laboratoriyamizda tuproq unumdorligi va tarkibini tekshirib beradigan maxsus uskunalar bor.
Filialda o‘tgan yili startap loyiha asosida issiqxona qurilgan bo‘lib, bugun unda batat, bamiya, kalrabi karami singari xorijiy ekinlar tadqiqot sifatida ekilgan. Shuningdek, mandarin urug‘idan ham ko‘chat o‘stirilmoqda. Filial tadqiqotchisi Shukrullo Muratovning “Innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydon” loyihasi bo‘yicha serhosil “Lojayin- F1" navli pomidor ko‘chatlari parvarishlanmoqda.
- Filialimizda nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ustida, balki ularni turli zararkunandalardan saqlash, hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib boriladi, - dedi filial o‘qituvchisi Otamurod Po‘latov. – Laboratoriyamizda uch turdagi foydali hasharotlar ko‘paytiryapmiz va tadbirkorlarga yetkazib beryapmiz.
Press-turda jurnalistlar filialning dala maydonida olib borilayotgan tadqiqot ishlari bilan ham tanishdi. Filialga ajratilgan 50 gektar yerga tajriba sifatida artishok, no‘xat, bug‘doy, arpa, kartoshka singari o‘simliklar ekilgan.
- Artishok xorijda dorivor o‘simlik sifatida juda qadrli, - dedi filial direktorining ilmiy va innovatsion ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Eshonqulov. - Hozircha 1 gektar yerga ushbu o‘simlikni tajriba sifatida ekkanmiz. Kelajakda o‘simlikni iqlim sharoitimizga moslashtirib, ko‘paytirib, dorivor o‘simlik sifatida qadoqlab, sotuvga chiqaramiz.
- Bir navni yaratish uchun 15 yil kerak bo‘ladi, - deydi agrobiologiya fakulteti dekani G‘ulom G‘aybullayev. – Maydonda bug‘doyning uchta navida ilmiy ish olib borilyapti. Alohida ajralib turgan bug‘doy qatori “Farboma” navi bo‘lib, undan asosan urug‘lik uchun yetishtiryapmiz. Biz bug‘doyning yangi navi bilan birga agrotexnologiyasini ham ishlab chiqyapmiz. Kelajakda G‘arbiy Yevropa bilan hamkorlikda ish olib bormoqchimiz. Ularda o‘rtacha hosildorlik 70-80 sentner, bizda esa 50-60 sentner.
Shuningdek, Jomboy tumanidagi tajriba dalasida bug‘doyning mingga yaqin navlari filial olimlari tomonidan o‘rganilyapti.