“Baxtli hayot” mahallasi va shirkati uchun joy ajratilgan
Bugun saytimizda zamonaviy turar joy maskanida mahalla fuqarolar yig‘ini va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati uchun joy ajratilmagani, ular “Jamoatchilik nazorat maskani” uchun ajratilgan kichik ko‘chma binoda faoliyat ko‘rsatayotgani haqida xabar bergan edik.
Gap Samarqand shahrining Rudakiy ko‘chasida 2017 yilda qurilgan ko‘p qavatli uylar joylashgan yangi “Baxtli hayot” mahallasi bilan bog‘liq edi.
Bu haqdagi maqola saytimizda joylashtirish va gazetamizda chop etish uchun tayyorlanayotganda Samarqand shahar hokimligi ushbu xabarga munosabat bildirib, masalaga oydinlik kiritdi.
Shahar hokimi F.Rahimovning ma’lum qilishicha, mahallada “Elita proyekt quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyati (E.Shodiyev)tomonidan qurilayotgan ikkita ko‘p qavatli uylardan birining birinchi qavatidan mahalla markazi va shirkat uchun joy ajratilgan. Shuningdek, ushbu binolarning dastlabki qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etiladi.
Demak, endi “Baxtli hayot” mahallasi va shirkati uchun ajratilgan joy foydalanishga topshirilishini kutamiz. Va bu haqda, albatta saytimiz va gazetamizda xabar beramiz.