Bayramlar muhim, ammo bir-birimizga mehr, do‘stlik, birodarlik ulashishimiz kerak, virus emas
✓ Bayram kayfiyati hukmron Rio-de-Janeyrodagi Shakarli bosh tog‘ida tashrif buyuruvchilarni 100 metrli balandlikdan arqonda tushib keluvchi Santa klaus kutib oladi. Arqonli yo‘lak kabinkalari bayramona bezatilgan. Vaholanki, Braziliya koronavirusga chalinganlar bo‘yicha AQSh va Hindistondan keyin uchinchi o‘rinni egallamoqda.
✓ Chexiyada restoran va magazinlar ishlay boshladi, fuqarolarning oqshom harakatlanishiga taqiqlar bekor qilindi. Pragada bolalarga mahalliy sirk bayramona dasturlar namoyish etishadi. Bunda mashinadan chiqmagan holda Santa-Klaus sovg‘asiga musharraf bo‘lish mumkin. Favqulodda holat rejimi Chexiyada 12 dekabrgacha davom etadi. Ammo hukumat yana 30 kunga uzaytirishni rejalashtirmokda.
✓ Favqulodda holat amalda bo‘lgan Portugaliyada hukumat harakatlanish cheklovlarini 23 dan 26 dekabrgacha bekor qilishga qaror qilgan edi. Ammo Yangi yil bayrami davrida qat’iy choralar tiklanadi. Hukumatning ta’kidlashicha, infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha bunday harakatlar o‘z samarasini bermoqda va choralarni yumshatishga hali erta.
Xususan, Portugaliya bosh vaziri Antonio Kosta mamlakat xalqiga murojaat qilib: «Rojdestvo bizga immunitet keltirmaydi va hech kimni himoya qilmaydi. Bayramlar biz uchun muhim, ammo biz bir-birimizga mehr, do‘stlik, birodarlik ulashishimiz kerak, virus emas. Infeksiya Rojdestvo sovg‘asiga aylanmasin", dedi.
✓ Londonning Sharqiy qismida, Stratforddagi savdo markazida sanitariya cheklovlari va lokdaunga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Namoyishchilar "erkinlik" so‘zini baralla aytib, do‘konga tashrif buyurganlarning maskalarini yechib, emlashda qatnashmaslikka chaqirishdi. Chorshanba kunidan beri Angliyaning aksariyat qismi, shu jumladan, London, ikkinchi (yuqori) darajadagi tahdid darajasiga ega bo‘lib turibdi.
G.Xoldorova tayyorladi.