Behbudiyning safdoshi

Xalqimiz va yurtimiz rus mustamlakachilari oyog‘i ostida toptalgan, inson oru nomusi, sha’nu sharafi tahqirlangan (XIX asrning II yarmi - XX asr boshlari) bir paytda ham Samarqandda kuchli ma’naviy-ma’rifiy, adabiy muhit bor edi.

Agar buyuk maorifchi, noshir, teatrchi va publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiy jadid mafkurasining dasturiy ahamiyatga molik nazariy va amaliy yo‘nalishini belgilab bergan bo‘lsa, uning safdoshlaridan Abduqodir Shakuriy butun Markaziy Osiyoda shuhrat topgan yangi usuldagi jadid maktabini asosladi. Sayidahmad Ajziy esa xalqparvarlik, vatanparvarlik va milliy istiqlol g‘oyalariga yo‘g‘rilgan poetik asarlari bilan butun jadid badiiy adabiyotini yuksaltirdi.

Behbudiy va uning safdoshlari rahnamoligida milliy istiqlol mafkurasi bilan qurollanib, o‘z elu yurti va xalqining ozod bo‘lishi istagida qo‘lga qalam olgan, davrning eng qaltis va nozik masalalarini teran anglab yetgan, butun umrini ilmu ma’rifat, ma’naviyat targ‘ibiga bag‘ishlaganlar davrasida Hoji Muin ibn Shukrullo alohida mavqega ega.

Hoji Muin badiiy adabiyotda zullisonaynlik an’anasini davom ettirgan, o‘zbek dramaturgiyasi hamda jurnalistikasining shakllanishi va rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan iste’dod sohibidir. U Markaziy Osiyo xalqlari hayoti tarixida o‘ta murakkab va ziddiyatli bir sharoitda yashab, ijod qildi, muntazam kuzatish va izlanishlar orqali dunyoqarashini kengaytirdi, davr haqiqatini anglab, uning shohko‘chasidan dadil olg‘a bordi.

Yoshligidanoq she’r mashq qilib, avval Nahif (Ojiz), keyinchalik Mehriy taxallusini olgan Hoji Muinning birinchi she’riy to‘plami 1914 yili Samarqandda “Guldastai adabiyot” nomi bilan bosilib chiqadi. To‘plamdagi she’rlar asosan tarbiyaviy-axloqiy yo‘nalishda bo‘lib, ularda yoshlar bilim o‘rganishga, ustoz hurmatini saqlashga chorlanadi.
Hoji Muinning yorqin iste’dodi, ayniqsa, uning publitsistikasi va drama asarlarida namoyon bo‘ladi.

M.Behbudiyning eng yaqin maslakdoshi sifatida faoliyat ko‘rsatgan Hoji Muin 1913-1914 yillari Samarqandda Behbudiy muharrirligi va muassisligida chop etilgan “Samarqand” gazetasi va “Oyina” majallasida o‘zining dolzarb masalalarga bag‘ishlangan maqolalari bilan qatnashadi, muharrir uzoq safarda bo‘lgan kezlarda “Oyina”ga muharrirlik qiladi.
Hoji Muin faoliyatining o‘ta muhim va salmoqli qismini uning dramaturgiyasi tashkil etadi. XX asr boshlarida tatar va ozarbayjon teatri ta’sirida Markaziy Osiyoda ham sahna asarlari yozishga qiziqish kuchayib ketdi. M.Behbudiy 1911 yili “Padarkush” dramasini yozib, uni ko‘p qiyinchiliklardan keyin 1913 yili chop ettirdi va o‘zbek dramaturgiyasi poydevorini qo‘ydi.

Hoji Muin yaratgan dramatik asarlar faqat muallif yashagan davr uchun emas, balki bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotgan emas. Misol uchun, uning 1914 yili Milliy taxallusi bilan she’rlar yozgan Nusratillo ibni Qudratullo bilan hamkorlikda yaratgan “To‘y” pesasiga murojaat etaylik.
Asarning qisqacha mazmuni shunday: mahalliy boylardan biri o‘z boyligini ko‘z-ko‘z etish maqsadida katta sunnat to‘yi o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Bunday to‘ylardan manfaatdor bo‘lgan domla-imom, ellikboshi va boshqa eskicha fikrlovchi kishilar uning bu niyatini ma’qullashadi hamda to‘yni tezroq va kattaroq o‘tkazishni maslahat beradi. Ilg‘or fikrli ziyoli esa boyning fikriga qo‘shilmaydi va katta to‘y o‘tkazishning hojati yo‘qligini aytadi. Ammo boy obro‘ qozonish maqsadida bor budini sarflab, oxiri bankdan olgan qarz pullarini to‘lolmay, hibsga tushadi. Behbudiyning “Padarkush” asaridan boshlab ilg‘or fikrli, millat tafakkurida shakllana boshlagan yangicha fikr-qarashlarga ega ziyoli obrazi badiiy adabiyotga kirib keladi. Bu obraz “To‘y”da ham, boshqa dramatik asarlarda ham mahalliy boylar va ulamolar diqqatini davrning eng muhim masalalariga qaratishga, millat taraqqiyoti uchun foydali ishlar bilan band bo‘lishga chaqiradi. Ziyoli ushbu sahna asarida boyni behuda sarf-xarajatlardan o‘zini tiyishga undar ekan, uni to‘g‘ri yo‘lga solmoqchi bo‘ladi, maorif ishlariga ko‘mak berishga da’vat etib, aytadi:

“Boshqa millatlar topgan pullarini ilm va maorif, millat yo‘liga sarf qilib, kundan-kun taraqqiy topsalar, jaholat va nodonligimiz sababidan bizlar topgan molimiz, bog‘ va hovlilarimizni to‘y va aza, uloq yo‘liga xarajat qilib, o‘zimizni bir parcha nonga muhtoj va xor qilmoqdamiz”.

Hoji Muin 1916 yili “Eski maktab — yangi maktab”, “Ko‘knori”, “Mazluma xotin” singari dramalarini chop ettirdi.

“Eski maktab — yangi maktab” Hoji Muinning jadidlar tomonidan maktab va maorif tizimini isloh qilish konsepsiyasini amalda joriy etish yo‘lida qo‘ygan qat’iy qadami edi. Bu konsepsiyaga ko‘ra, mahalliy aholi vakillari ilmu ma’rifat pog‘onalaridan ko‘tarila borib, savdo-sanoat ishlari, davlat idoralari, boshqaruv tashkilotlariga yo‘l topishlari, rus burjuaziyasi bilan raqobatda g‘olib chiqib, sekin-asta muxtoriyatga erishish ko‘zlangan edi. Tabiiyki, eski usul maktablarini isloh etmasdan, zamonaviy ilmlarni o‘rganmasdan, raqobatbardosh milliy kadrlarni yetishtirmasdan turib bunga erishish mumkin emas edi. Shuning uchun butun jadidchilik harakati, matbuoti va adabiyotining bosh masalasi maktab va madrasalardagi ta’lim tizimini isloh qilishni ta’minlashdan iborat edi.

Hoji Muinning “Eski maktab — yangi maktab” dramasi Behbudiy tomonidan olg‘a surilgan va jadid harakatchiligining asosiy dasturiga aylangan ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi mulohazalarni badiiy obrazlar vositasida talqin etishga yo‘naltirilgan asardir. Dramada eski maktablardagi ta’lim-tarbiya, o‘qitish dasturlarining yaroqsizligi, muallimlarning o‘ta mutaassib va xasisliklari Mullo Ochildi obrazida ifodalanadi.

Dramada jadid maktablarining afzalligi va zaruriyatini ko‘rsatishga alohida o‘rin beriladi. Asarda jadid adabiyotida ilk bor Hoji Muin tomonidan mahalliy boylarning ideal obrazi yaratiladiki, buni muallifning katta ijodiy yutug‘i sifatida baholamoq lozim. Asardagi Komilboy obrazi o‘z xarakteri, fikr-tushunchasi bilan “Padarkush” va “To‘y” dramalaridagi boy obrazidan tubdan farq qiladi. U ilg‘or fikrli, yangi usul maktablarining ahamiyatini fahmlagan, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga tayyor turgan davlatmand kishi. U mahalliy boylarning iqtisodiy va madaniy qoloqligidan qayg‘uruvchi, o‘lka, uning aholisi taqdiri va istiqboli uchun o‘ylovchi yangi tipdagi o‘zbek boylarining vakilidir. Shu xususiyatlari bilan u jadid dramaturgiyasidagi boylarga nasihat va maslahat beruvchi ziyoli obraziga o‘xshab ketadi.

Uning orzu-intilishlarini quyidagi so‘zlaridan ham bilish mumkin: “Zamonamiz ilmu hunar zamonidur. Ushbu zamonda o‘zga millatlarga asir bo‘lmay rohat bilan yashamoq uchun zamonaviy ilmu hunarlarni bilmoq lozimdur. Hushyor va mutamaddun bo‘lgan millat har vaqt o‘zining huquqini va dinini saqlamoq tariqasini bilib, zamoni kelganda ushbu yo‘lda o‘z jonini fido qilmoqqa hozir bo‘lib turar. Ammo ilmsiz millat boshqalarga asir va oyoqosti bo‘lmoqdan boshqa chora topolmay, oxiri jonidan aziz bo‘lg‘on dinidan ham ajralib qolur…”.

Komilboy ushbu inqiroz holatdan qutulish yo‘lini ham yaxshi anglaydi: “Endi bu inqirozdan qutulmoq uchun nima qilmoq kerak? (biroz o‘ylab) Inqirozdan qutulmoq uchun birgina yo‘l borki, u ham maorif yo‘lidan iboratdur. Shohrohi maorifga kirmoq uchun yana bir yo‘l borki, ul yangi maktabdur”.

Hoji Muinning sahna asarlaridan yana biri - 1915 yili yozilib, 1916 yili bosilib chiqqan “Mazluma xotin” nomli to‘rt pardali fojiasi mavzu dolzarbligi, badiiy pishiqligi, yetuk obrazlari bilan o‘zbek jadid adabiyotining qisqa bir davrda yuksak taraqqiyot darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Bu asari bilan dramaturg davr badiiy adabiyotida, aytish mumkinki, ilk bor xotin-qizlar ozodligi masalasini ancha keng darajada o‘rtaga qo‘yadi. Muallif ushbu asari haqida keyinchalik yozgandi: “U zamonlarda birdan ortiq xotin olib, ularga istagancha jabr-zulm qilish oila hayotida eng qayg‘uli va chirkin manzarani tashkil qilardi… Bosilib chiqqan pesalarim orasida o‘z vaqtida menga juda ma’qul bo‘lgani va xalq tomonidan ko‘proq suyilib o‘qilgani “Mazluma xotin” edi. Bu asarni o‘ylab yozish chog‘ida o‘z-o‘zidan mutaassir bo‘lib, ikki marta yig‘laganmanki, buni sira unutolmayman. Bu pesa yolg‘iz O‘zbekistonda emas, butun Turkistonda 11 yil muttasil o‘ynalib kelindi. Bu pesa 1920 yilda professor Vyatkin tomonidan ruschaga tarjima etilib, Samarqandda mavqeiy tomoshaga qo‘yildi”.

Asarning asosiy qahramonlari Uzoqboy, uning birinchi xotini yumshoq tabiatli Tansuqoy, Eshonbobo, Uzoqboyning ikkinchi xotini Suyaroy hamda yangi fikrli va to‘g‘ri so‘zli usuli jadidchi Muallimdir.

Hoji Muinning sho‘rolar davridagi faoliyati ham sermahsul va rang-barangdir. U 1920-30 yillar orasida mohir jurnalist sifatida “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining mas’ul muharriri, “Zarafshon”, “Ovozi tojik”, “Qizil yulduz” gazetalarining adabiy xodimi, “Tayoq” va “Mashrab” jurnallarining mas’ul muharriri, “Mushfiqiy”ning mas’ul kotibi vazifalarida ishlab, barakali ijod qildi. Bu davrda u, ayniqsa, hajvgo‘y shoir sifatida o‘nlab yashirin imzolar bilan asarlar yaratdi.
Hoji Muinning tarjimonlik faoliyati ham e’tiborga loyiq. U Fitratning hali Turkiyadaligida yozilgan “Munozara” asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Mashhur tatar adibi Olimjon Ibrohimovning “Teran tomirlar” asarining tojikcha tarjimasi ham uning qalamiga mansubdir.

Hoji Muinning dramaturgiya sohasidagi faoliyati ham davom etdi. Ming afsuski, 30-yillarning alg‘ov-dalg‘ov paytlarida Hoji Muin tomonidan yaratilgan ko‘plab asarlar har xil sabablar bilan yo‘qolib ketdi. Ular orasida muallifning “Boy ila xizmatkor”, “Maorif qurbonlari”, “Juvonbozlik qurbonlari”, “Qozi ila muallim” singari dramalari ham bor edi.

Dramaturg sifatida shuhrat topgan Hoji Muinning 5 pardali “Maorif qurbonlari” pesasi 1923-1925 yillari yozilgan bo‘lib, unda Behbudiy va uning yaqin safdoshlarining fojiaviy hayot yo‘llari tasvir qilingan. Bu sahna asari, muallifning guvohlik berishicha, Samarqand, Buxoro va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida takror-takror sahnaga qo‘yilgan.
Hoji Muinning o‘z qo‘li bilan yozilgan va hozir qizi Salima opa qo‘lida saqlanayotgan tarjimai holida ma’lumot berishicha, u 30 yillik faoliyati davomida 23 gazeta va jurnalda adabiy, ilmiy va ijtimoiy mavzularda taxminan 200 tacha maqola, 400 tacha turli xabarlar va 1500 misraga yaqin o‘zbekcha va tojikcha she’rlar yozgan.

Ana shunday noyob iste’dod sohibi boshqa ko‘plab adiblar qatori shaxsga sig‘inish qurboni bo‘ldi. U “xalq dushmani” sifatida 1938 yili qamoqqa olindi va 1942 yilning 21 iyulida Perm viloyatining Solikamsk shahridagi qamoqxonada vafot etdi.

Hoji Muin o‘zining mazmundor hayoti, sermahsul ijodi va ishlari bilan xalqimiz qalbida o‘chmas iz qoldirgan. Uning mavjud asarlarini nashr ettirish, noma’lumlarini izlab topish va o‘rganish, maktab o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari va keng jamoatchilikni bu noyob iste’dod sohibining ijodi bilan kengroq tanishtirish adabiyotshunoslar, ma’naviyat va ma’rifat jonkuyarlarining burchidir.

Halim Saidov,

filologiya fanlari doktori, professor.

***

Bugun ushbu maqola muallifi Halim Saidovning tug‘ilgan kuni.

Halim Saidov 1966 yil 8 noyabrda Toyloq tumanida tug‘ilgan. 1992 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU), 1994 yilda Hindiston ommaviy kommunikatsiyalar institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1991 yili “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida musahhihlikdan boshlagan. Shundan so‘ng “Oila va jamiyat” gazetasida muxbir, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Uzoq yillar “Ma’rifat” – “Uchitel Uzbekistana” gazetalari tahririyati hamda “Boshlang‘ich ta’lim” jurnaliga rahbarlik qilgan. Ayni paytda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida talabalarga saboq berib kelmoqda.

Halim Saidov 1999 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Saytimiz hamkori, taniqli jurnalist Halim Saidovni tavallud ayyomi bilan qutlab, sihat-salomatlik, uzoq umr, ijodiy va kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.