Belarus militsiyasi namoyishchilar tajovuzkorligi oshganini ta’kidladi

11 oktyabr kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida 700 dan ortiq odam hibsga olindi. Bu haqda Belarus IIV matbuot xizmati ma’lum qildi.

“11 oktyabr kuni mamlakat bo‘ylab 25 ta norozilik namoyishi tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Hududlar markazlarida o‘tkazilgan ruxsatsiz namoyishlarda 30 nafardan 150 nafargacha odam to‘plandi. Mamlakat bo‘ylab umumiy hisobda 11 ming namoyishchi yig‘ildi. 713 fuqaro ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi qonunni buzgani uchun hibsga olindi. 570 kishi, ishi ma’muriy sudda ko‘rib chiqilgunga qadar hibsxona izolyatorlariga joylashtirildi”, - deyilgan Belarus IIV matbuot xizmatining Telegam kanalida.

Shu bilan birga, matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan haftalardagi namoyishlarga qaraganda bu safar namoyishchilar soni kamaygan, ammo “turli xil radikallashgan guruhlar vakillari bo‘lgan olomonning tajovuzkorligi oshgan”.