Belarus Navalniyning zaharlanishi to‘g‘risida Berlin va Varshava o‘rtasida o‘tkazilgan va yozib olingan yashirin suhbatni Rossiyaga taqdim etdi
Belarus taxminan Varshava va Berlin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Aleksey Navalniyning zaharlanishi to‘g‘risidagi audio yozuvni Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga (FXX) taqdim etdi. Bu haqda Belarusning ONT telekanali xabar berdi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 3 sentyabr kuni Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustinga Belarus razvedkasi tomonidan tutib olingan Varshava va Berlin o‘rtasidagi suhbat haqida aytgan edi. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, suhbatda Germaniya kansleri Angela Merkelning Navalniyning zaharlanishi to‘g‘risidagi so‘zlari yolg‘onligi aytilgan. Shuningdek, Lukashenko audio yozuvni Rossiya maxsus xizmatiga taqdim etishni va’da qilgan edi.
O‘tkazilgan suhbat audioyozuvi 4 sentyabr kuni Belarusning markaziy telekanali ONTda efirga uzatildi. Unda ikki nafar erkak kishi ingliz tilida suhbat olib borgan. Navalniy masalasida Germaniya vakili zaharlanishning tasdiqlanishi u darajada muhim emasligini, “urushda barcha usullar yaxshi” ekanligini aytgan. Belarusdagi vaziyat yuzasidan Varshava vakili Lukashenkoning “kuchli yong‘oq” ekanligini, uning maxsus xizmatini esa o‘z ishining ustalari ekanligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Moskvani Belarus “ishlariga burun tiqish” xohishini yo‘qqa chiqarish zarurligini aytgan.