Belaruslik mutaxassislar qo‘shma korxona ochishda SamVMI bilan hamkorlik qiladi

Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga Belarus Respublikasi Vitebsk “BelVetUniFarm” ishlab chiqarish korxonasi mutasaddilari Aleksandr Lyaxovskiy hamda Dmitriy Kulishovlardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida biofarmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinda turuvchi mazkur korxona ayni kunda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorlikning yangi bosqichini amalga oshirmoqda.

Ayni kunda mamlakatimizda veterinariya preparatlari ishlab chiqarishni zamon talablari darajasida modernizatsiya qilish, chorva hayvonlari va parrandalarda qayd etilayotgan turli yuqumli va yuqumsiz kasalliklarning diagnostikasi, davolash va ularga qarshi kurashning ilmiy asoslangan tizim va vositalarini joriy etish, bu yo‘lda xorijiy hamkorlarning tajriba va malakalaridan foydalanish, qolaversa, ilmiy va amaliy hamkorlikni keng miqyosda yo‘lga qo‘yishga hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekistonning eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lgan  Belarus Respublikasining Vitebsk vaksina ishlab chiqarish korxonasi tomonidan 154 turdagi veterinariya dori vositalari, antibakterial, parazitlarga qarshi, vitamin-ozuqa qo‘shimchalari va hokazo preparatlar ishlab chiqarilmoqda. Ular mintaqadagi deyarli barcha davlatlarga eksport qilinadi.

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad kelgusida mamlakatimizda xuddi shunday turdagi dori mahsulotlari chiqaruvchi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma korxonasini tashkil etish va bu yo‘lda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti hamda veterinariya ilmiy-tadqiqot institutlarining olimlari va tadqiqotchilari bilan hamkorlik qilishdan iborat.

Uchrashuvda bildirilgan takliflar ma’qullandi va bugun mamlakatimizda veterinariya preparatlariga talab yuqori bo‘lib, dori vositalarini ishlab chiqarishning ilg‘or texnologiyalarini o‘zlashtirgan holda dori mahsulotlarini halqaro talablarga muvofiqlashtirish va standartlashtirish zarurat ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, institutda joriy etilishi kutilayotgan yangi loyiha - Ta’lim Klasterida bu amaliyot ijobiy natija berishi mumkinligi mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi. Klasterga 4 ta ilmiy-tadqiqot institutlarining jalb etilishi hamkorlikning samaradorligini ta’minlaydi.

SamVMI rektor taklifiga ko‘ra, Vitebskda qo‘shma dastur asosida ta’lim olayotgan talabalarga o‘quv-malaka amaliyotini “BelVetUniFarm” korxonasida o‘tash imkoniyati yaratiladi.

Gulchehra BERDIYoROVA.