Beruniyning aql mash’ali oltin konlarimizni yorityapti yoki respublika OAV xodimlari nega Navoiyda to‘plandi?

Abu Rayhon Beruniyning "Mineralogiya" kitobi Navoiy kon-metallurgiya kombinati homiyligida birinchi marta o‘zbek tilida chop etilgan. Unda qayd etilishicha, oltin Allohning bandalariga berilgan ne’mat. U agar yaxshi maqsadlarda sarflansa tugamaydi. Nojoiz yoki noto‘g‘ri foydalanilsa, konda tuproq ostidagi qimmatbaho tosh g‘oyib bo‘lishi mumkin.

Ayni shu ma’lumotga asoslanib O‘zbekiston oltini hali uzoq yillar qazib olinishi kutilyapti. Chunki, avvalo, nodir ne’matni kovlab olayotgan, uni iste’molga chiqarishda xizmat qilayotganlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.

Eng muhimi, yaqin yillargacha oltin qancha qazib olinayotgani va undan davlat byudjeti qancha daromad qilayotgani jamoatchilikka oshkor etib kelinmoqda.

Bu kabi ma’lumotlar bugun Navoiy shahrida o‘z ishini boshlagan “Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusida respublika mediaforumida aytildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Navoiy viloyati hokimligi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan forum doirasida, shuningdek, Navoiy viloyatidagi bosma OAVlarini ijodiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlar o‘tkazildi.

Qayd etilganidek, ayni mazkur ijodiy jamoalar bugun birmuncha qiyin vaziyatga duch kelmoqda. Xususan, tahririyatlarda katta yoshli jurnalistlar faoliyat olib bormoqda. Shundan kelib chiqib, Navoiy viloyatidagi bosma OAVlarga "Yurida" dasturiy tizimi taqdim qilindi.

- Dastur kirillcha matnni lotinchaga yoki aksincha funksiyani bajarishi bilan muhim ahamiyatga ega, - dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olim O‘sarov. - Bundan tashqari, dastur imloviy xato bilan yozilgan so‘zlarni va g‘aliz yoki noto‘g‘ri tuzilgan jumla va gaplarni ko‘rsatib beradi. Muhimi, xatoni to‘g‘rilash uchun bir nechta variantlar taklif qiladi. Buning uchun dasturda 1 mlrd. 799 millionta so‘z shakllari jamlangan.

Ta’kidlanishicha, "Yurida"da shuningdek, turli maqolalarning elektron varianti bilan tanishib borish mumkin.