Besh yil maymunlar bilan yashagan Marina Chapman qissasi
Marina Chapman hayot yo‘li Maugli-bola hayotidan keskin farq qiladi. Odamlar orasiga qaytganidan so‘ng, u nafaqat tezda moslasha oldi, balki oddiy odam kabi yashashga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, u o‘rmondagi sarguzashtlari batafsil tasvirlab berilgan “Ismsiz qizaloq” kitobini yozdi.
G‘alati o‘g‘irlanish
Marina Chapmanning aniq tug‘ilgan sanasi va kelib chiqishi noma’lum. U taxminan 1950 yilda tug‘ilgan, ehtimol uning ota-onasi Kolumbiyada yashagan britaniyalik bo‘lgan. U kengtumshuq Kaputsin maymunlar to‘dasi bilan uchrashishdan oldingi hayotini juda kam eslaydi. 5 yoshlarda bo‘lganida, hovlida o‘ynab yurgan qizcha ikki nafar noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan.
“Og‘zimni ro‘mol bilan yopayotgan qora qo‘lni ko‘rdim. Keyin meni ikki kishi olib ketayotganini angladim”. Mato qandaydir dori bilan namlangan edi, Marina darhol hushidan ketdi. Bola o‘g‘rilari juda g‘alati harakat qildi, ular qizchani o‘rmonga olib ketib, u yerda uni yolg‘iz qoldirib, tashlab ketishdi. Qizaloq uyg‘ongach, yo‘lsiz, keng tropik o‘rmonni ko‘rdi, u uyiga yo‘l topishga harakat qila boshladi va yana adashdi.
Marina ancha vaqt davomida o‘rmonda yurdi. Omadi chopgani shu bo‘ldiki, u o‘z yo‘lida biror bir yirtqich hayvon yoki zaharli ilonlarni uchratmadi. Oxir-oqibat qizcha kaputsin-maymunlar o‘z iniga aylantirgan butazorga kirib bordi. Yovvoyi hayvonlar tajovuzkorlik ko‘rsatmadi, lekin uni to‘daga ham qabul qilmadi. Marina ularning yonida joylashib olib, qutqarilishini kutishga qaror qildi.
To‘dadagi hayot
Kaputsinlar odamlarga o‘xshardi, endi u hech bo‘lmaganda yolg‘iz emas... Bir kuni qizcha ko‘p tamarind (hind xurmosi) yeb qo‘yib, qattiq zaharlandi. U og‘riqdan qiyshayib, o‘lishiga ishonch hosil qilib yerga yotib olganida, keksa maymun unga yaqinlashdi va uni bor kuchi bilan o‘zi ortidan ergashishga majbur qildi. U Marinani tasavvur qilib bo‘lmaydigan iflos suv ko‘lmagi oldiga olib bordi va undan ichish kerakligiga ishora qildi. Bola shunday qildi, shundan keyin juda kuchli qusish boshlandi. Tuzalganidan so‘ng, qizaloq u maymunni “bobo” deb atay boshladi. Mo‘’jizaviy davolanishdan so‘ng, kaputsinlar inson bolasiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi. Ko‘p o‘tmay Marina hayvonlarning ko‘plab odatlarini o‘rganib oldi. Endi u daraxtlarga chiqish, ovqat topa olish va ular chiqaradigan tovushlarni ajrata bilardi. Masalan hushtak chalinsa, bu qayerdadir ovqat borligini anglaydi. Demak, barcha bitta maymun orqasidan ergashishga tayyorlanadi. Tovush chiqarish orqali ular bir-biriga mehribonlik qilar, xavfli vaziyat bo‘lgan paytlarda boshqalarni ogohlantirardi.
Odamlar orasiga muvaffaqiyatsiz qaytish
Marinaga maymunlar bilan yashash yoqardi, shu bilan birga u o‘z uyiga qaytishni ham xohlardi. Ba’zida o‘rmonda u ovchilarni ko‘rib qolardi, lekin to‘da bilan birga ulardan uzoqlashardi. Bir kuni u ketishga qaror qildi va to‘rt oyoqlab, ovchilar oldiga keldi. Ular bolaga yordam berishdi, lekin uni uyiga emas, balki Kukuta shahridagi fohishaxonaga olib ketishdi. U yerda o‘n yoshli qiz qulga aylandi. Unga Gloriya ismini berishdi va u tozalash, og‘ir ishlarni qilish va oshxonada ishlashga majbur qilindi. Qiz hammasiga chidadi, lekin kun kelib o‘zini boshqa ishlarga majbur qilinishidan qo‘rqardi. Shu sababli u yerdan qochib ketdi, ko‘chada unga Poni Malta laqabini bergan uysiz bolalar guruhini uchratib, ular bilan birga yashay boshladi.
Yangi tanishlari bilan birga u tunlarni tuynuk va chiqindixonalarda o‘tkazar, o‘g‘irlik ham qilardi. Epchil Marina tezda uysizlar orasida obro‘ qozondi. Hatto, orqasidan ta’qib uyushtirgan politsiya xodimlari daraxtlar tepasiga uchib chiqib ketgan qizni tutolmay, ojiz edi.
Yaxshi hayotning boshlanishi
14 yoshida uni ko‘p bolali Mariya ismli ayol asrab oldi, shu bilan qizning baxtsizliklari tugadi. Yangi ona uni o‘z farzandlari bilan birga Buyuk Britaniyaga to‘qimachilik ishi bo‘yicha o‘qishga yubordi. Angliyada Marina bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Jon Chapmanni uchratdi. 6 oydan so‘ng ular turmush qurishdi. Marina va Jon Chapman hozirda Yorkshirda istiqomat qiladi. Ayol ko‘p yillar davomida Bredford shahridagi Milliy media muzeyida oshpaz bo‘lib ishlaydi. Jon va Marinaning ikki qizi va nevaralari bor. Ba’zida Marina nevaralariga o‘rmonda yaguarlardan qochib, daraxtlarga chiqib ketganligi haqida so‘zlab beradi. Odamlar dunyosiga qaytganiga 60 yil o‘tgan bo‘lsa-da, ayol hayvonlarning ba’zi odatlarini saqlab qolgan. Misol uchun, ba’zida u to‘rt oyoqlab harakatlanishni ma’qul ko‘radi. Chapmanning ta’kidlashicha, u hali ham u o‘zining “ichki hayvon”i bilan kurashib keladi.
Mariya Chapmanning “Ismsiz qizaloq” kitobida tasvirlangan hayajonli hayot hammaga ham yoqmaydi. Ba’zilar bu ayolning hikoyalarining to‘g‘riligiga shubha bildirishdi. Kolumbiyalik doktor Karlos Konde Marina bilan shug‘ullanib, qiziqarli xulosalar chiqardi. U Chapman va kaputsin maymunlari suratlaridan foydalanib, ayolni yolg‘on detektorida tekshirdi. Natijada Konde Marinaning hikoyasi butunlay haqiqat, degan xulosani berdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.