Beshkapa-2 mahallasi tabiiy gazdan suyultirilgan gaz ta’minotiga o‘tkazilgan
15 avgust kuni Zarnews.uz telegram kanalida Urgut tumani “Beshkapa-2” mahallasida yashovchi Mirjalol Qosimovning “Mahallamizdagi gaz quvurlari kesib ketilyapti” sarlavhali murojaati chop etildi. Murojaatda bir necha yillar ilgari hududda tabiiy gaz bo‘lganligi, bugunga kelib bo‘sh qolgan gaz quvurlari kesilib, ayrimlarning ehtiyoji uchun ishlatilayotganligi bayon qilingan.
Mazkur murojaat yuzasidan “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali quyidagilar ma’lum qiladi:
O‘rganishlar davomida gaz quvurlari gaz ta’minoti korxonasi balansida turganligi, noqulay ob-havo sharoitida gaz quvurni tutib turuvchi ilgichlardan chiqib osilib qolganligi bois yo‘lning qatnov qismiga xalaqit berayotganligi uchun mahalla raisi va oqsoqollar kelishib (xalaqit bergan qismini), kesgan holda mahalladagi fuqaro Zayniddin Bozorov xonadoniga ehtiyotlab qo‘yilgani aniqlandi.
Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan aholi va ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’yektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Xususan, gaz yetib bormaydigan yoki gaz yetkazib berishning texnik imkoniyati bo‘lmaydigan mahallalarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasida me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, Prezidentimizning 2015 yil 7 iyuldagi PQ-2367-sonli va viloyat hokimining 2015 yil 10 avgustdagi 174-Q-sonli qarorlariga muvofiq, viloyatdagi 815 ta mahallada yashovchi 487 000 dan ortiq xonadon, xususan, Urgut tumani “Beshkapa-2” mahallasi ham tabiiy gazdan suyultirilgan gaz ta’minotiga o‘tkazilgan.
Hozirda suyultirilgan gaz belgilangan reja-grafikka asosan o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.