Bir kun butun O‘zbekiston kasalxonalaridagi doktorlar ishlamasa, nima bo‘ladi?

Tasavvur qiling qo‘rqinchli tush – 1 kun butun O‘zbekistondagi 80 mingdan ortiq vrachlar ishlamadi! Bu qanaqa oqibatlarga olib kelishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Agar O‘zbekistondagi barcha vrachlar 1 kun ishlamasa:

- 27500 tez tibbiy yordamga chaqiruv amalga oshirilmay qoladi.

- Bu chaqiruvlarning 70 foizi og‘ir bemorlar tomonidan murojaat qilinayotligini hisobga olsak, 19250 ta og‘ir bemor tibbiy yordamsiz qoladi.

- Agar shu bemorlarning 50 foizi o‘lim xavf solgan kasalliklar bilan murojaat qilsa, 9625 kishi shu kuni tibbiy yordam olmaganligi sababli olamdan ko‘z yumadi. Shuncha oilada motam, aza.

- Ushbu sabab bilan olamdan o‘tganlarning 10 foizi (eng kam miqdor) bolalarga to‘g‘ri kelishini hisobga olsak, 962 ta bola shu kuni vafot etishi mumkin. Urush o‘chog‘i bo‘lgan Suriyada bir oyda 90 ta bola vafot etadi.

- Bir kunda butun respublikamiz bo‘yicha mingdan ortiq shoshilinch operatsiya o‘tkazilmay qoladi. Bu esa yana 1000 ga yaqin kishining hayotdan ko‘z yumishiga yoki nogiron bo‘lib qolishiga olib keladi.

- Bir kunda respublikamizda 2100 dan ortiq chaqaloq dunyoga keladi. Agar tug‘ruqqa malakali akusherlar yordam ko‘rsatmasa 60 foizdan ko‘proq chaqaloq nobud bo‘lishi mumkin. Bu 1260 ta chaqaloq nobud bo‘ladi, degani.

- 2100 chaqaloqni dunyoga keltirayotgan onalar malakali yordam olmasa, ularning 40 foizi (840 nafar ona) tug‘ruq vaqtida vafot etadi.

- Shifoxonada yotib davolanayotgan 170 000 dan ortiq bemor nazoratsiz qoladi. Ulardan 5 foizini og‘ir bemor deb hisoblasak, 8500 bemor shu kuni turli asoratlardan vafot etishi mumkin.

- Yuqoridagi holatlardan tashqari, qanchadan-qancha og‘ir holatdagi bemor bolalar, homilador onalar, bemor qariyalar, nogiron bemorlar shu kuni malakali tibbiy yordamsiz qolishi o‘ta ayanchli, mudhish holatdir.

Qadrli yurtdoshlar! Shifokorlar bir kun ishlamasa, nima bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rdingizmi? Bunday holat hayotda bo‘lmaydi, deyishingiz mumkin. Bo‘lmasin ham.

O‘zbekiston armiyasi xalqni tashqi dushmanlardan himoya qiladi. Agar Qurolli Kuchlarimiz mustahkam bo‘lmasa, tashqi kuchlar yurtimiz tinchligiga raxna solib, urush degan baloga sabab bo‘lishi mumkin! Urush esa qanchadan-qancha insonlarning yostig‘ini quritadi. Shu bois tashqi balolardan himoya qiladigan harbiylarimizni juda hurmat qilamiz. Xo‘sh, nega bizni turli xastaliklardan himoya qilayotgan vrachlarni hurmat qilishni unutib qo‘ymoqdamiz? Eng bebaho ne’mat bo‘lgan salomatligimiz posbonlarining qadriga yetmayapmiz?

Qadrini bilgan hamkasblarimiz o‘z yurtida hurmat ko‘rmagach, chet ellarga chiqib ketyapti. Chet el oliygohlarida shifokor bo‘laman, deb o‘qiyotgan farzandlarimiz yurtimizga qaytmayapti. Shifokor bo‘lishni orzu qilgan hamkasblarimiz o‘z kasbidan bezib qolyapti.

Hurmatli Vatandosh! Tafakkur qiling, shifokorlar va ularning mashaqqatli mehnati qadriga yeting!

"O‘zbekiston vrachlari" kanalidan olindi.