Bir kunlik jarima mablag‘iga nechta evakuator sotib olish mumkin?
Samarqand shahridagi Siyob bozorini ta’riflashga hojat bo‘lmasa kerak. Afsuski, ushbu bozorga kelgan kishi, ayniqsa, u chetdan kelsa unda salbiy taassurot qoldiradigan holatlar ko‘p uchraydi.
Masalan, bozorga yaqinlashaverishingiz bilan yo‘llarning tirbandligi dilingizni xira qiladi. Bozorgacha bo‘lgan 50 metr masofani bor-yo‘g‘i 30 daqiqada bosib o‘tasiz. Yo‘lning bugungi holatini ko‘rib, uning ta’mirlanmaganiga ham qirq yil bo‘lgandir-ov, deb o‘ylashingiz tabiiy.
– Bozorning yuqori qismida 1 gektar atrofidagi maydonga ega katta avtotransport vositalari to‘xtash joyi bor, – deydi Samarqand shahar IIB YHXB 2-otryad komandiri Komil Rasulov. – Ammo ko‘pchilik «Birrov bozorga kirib, savdo qilib chiqaman», degan fikrda mashinasini belgilanmagan joyga qo‘yib ketadi. Vaholanki, ana shu holatning oldini olish maqsadida bozor atrofiga bir nechta “To‘xtash mumkin emas” belgisi qo‘yib chiqilgan, Aksariyat haydovchilar bu belgilarni ko‘rsa-da, qoidaga rioya qilishmaydi. Xususan, bugun bir soatning o‘zida ana shunday 4 ta qoidabuzarlik aniqlanib, haydovchilarga jarima belgilandi. Qolgan avtomobillarning egasi kun bo‘yi kelmaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, avtomobillarni jarima maydoniga olib ketish uchun evakuator yetishmas ekan. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Bir kunlik yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga qo‘llanilgan jarima mablag‘lariga nechta evakuator sotib olish mumkin?
Bozor ichkarisidagi holat kishini yanada o‘yga toldiradi. Xo‘jalik mollari, kiyim-kechak, oziq-ovqat sotuvchi opalarimizga savdo qilishi uchun rastalar ajratilmaganmikan? Ularni yerda savdo qilishiga nima yoki kim majbur qilyapti?
Ha, aytganday. Samarqand shahrida yo‘llarning ta’mirtalab holga kelib qolgan joylari ko‘p. Birgina misol qilib, Narpay ko‘chasi bilan temiryo‘l kesishmasi atrofini keltirish mumkin. Ko‘rib turganingizdek, yo‘l chetidan oqayotgan suvning hidiga chidab bo‘lmaydi. Chuqurlikka to‘plangan suv ichida nima borligini aniqlash mushkul. Mutasaddilar ham buni bilisharmikan?
Bahriddin Xonkeldiyev.