Bir qator sohalardagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi

Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni «Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, quyidagi sohalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvargacha ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi:

• chakana savdo va umumiy ovqatlanish;
• mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari;
• avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish;
• transport vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish;
• kompyuter xizmatlari;
• maishiy texnikani ta’mirlash;
• agro va veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish;
• ko‘ngilochar maskanlarda xizmatlar ko‘rsatish.

Bu imtiyoz tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan, agar ularning yuqoridagi faoliyat turlarini amalga oshirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etsa qo‘llaniladi.

Ro‘yxatdagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan xodimlar sonini yashirish holatlari aniqlanganda, mazkur soliq imtiyozining amal qilishi to‘xtatiladi hamda qonunchilikda belgilangan moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.