Bir qozon osh – 100 million so‘m

"Besh tashabbus olimpiadasi" doirasidagi ayrim tanlov va musobaqalarning respublika final bosqichi Samarqandda o‘tkazilmoqda. Kecha "Kasblar tanlovi"ning oshpazlik yo‘nalishi bo‘yicha respublika final bosqichi shahardagi Alisher Navoiy nomli ko‘chada tashkil etildi.

Unda mamlakatimizning 14 hududi - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan yosh oshpazlar o‘z mahoratlarini ko‘rsatdi.
Yakunga ko‘ra, qashqadaryolik Shohruh Muqimov uchinchi o‘rinni egallab, 50 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni egallagan sirdaryolik Abbos Mansurov 75 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rin va 100 million so‘m pul mukofoti Toshkent shahri vakili Azamat Ro‘ziboyevga nasib etdi.

- 100 million so‘m kam mablag‘ emas, - deydi A.Ro‘ziboyev. – Bugun amin bo‘ldim, oddiy oshpazlik ortidan ham katta muvaffaqiyatlarga erishsa bo‘larkan. Bunday imkoniyatlar, albatta, O‘zbekiston yoshlari uchun yaratib berilyapti. Tanlov yoshlarni birlashtirdi. Har bir hududning o‘ziga xos taom tayyorlash jarayoni bilan tanishdik, tajriba almashdik, do‘stlar orttirdik. 14 xil ovqatdan tatib ko‘rdik. Tanlov bahona Samarqanddagi tarixiy obidalarni ham ziyorat qildik.
Shuningdek, tanlovda har bir yosh oshpazga faol ishtiroki uchun 15 million so‘mdan pul mukofoti topshirildi.

To‘lqin SIDDIQOV,
Jasurbek ShUKUROV (surat).