Samarqandlik yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumida 25 ta medalni qo‘lga kiritdi
Sportni rivojlantirish hamda Xalq ta’lim vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi va hamkor tashkilotlar tomonidan joriy yil mahalla yoshlarini jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish maqsadida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining ikkinchi mavsumi yakunlandi.
Turnir natijasiga ko‘ra, samarqandlik yoshlar sport musobaqalarida umumjamoa hisobida 8 ta oltin, 9 ta kumush, 8 ta bronza, jami 25 ta medalni qo‘lga kiritdi.
- “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumida viloyatimiz yoshlari to‘qqiz sport turi bo‘yicha bahs olib bordi, - deydi viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev. – Sport musobaqalarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 8 ta mahallaga universal sport maydonchasi, ikkinchi o‘rinni egallagan 9 ta mahallaga Street Workout va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 8 ta mahallaga Workout maydonchalari barpo etilishi belgilandi.
Jumladan, Ishtixon, Qo‘shrabot, Narpay, Oqdaryo, Samarqand tumanlarida bittadan, Jomboy, Payariq, Nurobod, Past Darg‘om, Paxtachi, Toyloq tumanlarida ikkitadan, Kattaqo‘rg‘on shahri va Urgut tumanidagi to‘rttadan mahallaga sport maydonchalari quriladi.