Samarqandda "Besh tashabbus olimpiadasi" musobaqalariga start berildi
Sportni rivojlantirish, Xalq ta’limi vazirliklari, viloyat hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda samarqandlik yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Musobaqa avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilinib, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlari yaratilgani, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish belgilanganini e’tirof etdi.
Ta’kidlanishicha, 10 apreldan boshlab, 7-30 yoshdagi yoshlar o‘rtasida sportning 9 ta turi (futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, stritbol, workaut) bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ommaviy sport musobaqalari o‘tkaziladi. Ushbu sport musobaqalari mahallalardagi ko‘chalararo yoshlar o‘rtasida o‘tkazilib, ular orasidan iqtidorli, kuchli va tug‘ma iste’dodi bor yoshlar saralanib olinadi. Bu esa yurtimiz bayrog‘ini yuksakka ko‘taradigan yoshlarni kashf etadi.
Tadbirda viloyatimiz sportchilari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar, viloyat san’atkorlari hamda harbiy orkestr o‘zlarining kuy-qo‘shiqlari bilan ishtirokchilarga xushkayfiyat ulashdi.
Shuningdek, musobaqa ochilish tadbiri yakunida Samarqand shahridagi "Sartepa" va "Bog‘dod" mahallalari yoshlaridan tuzilgan futbol jamoalari maydonda kuch sinashdi.