Birinchi chorakda 290 mingga yaqin davlat xizmati ko‘rsatildi

Joriy yilning ortda qolgan 3 oyi davomida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan jami 288 934 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Xabaringiz bor, avvallari tadbirkorlik qilishni istagan inson nechtalab eshiklarni taqillatishi kerak bo‘lardi. Ishni yo‘lga qo‘yish, ruxsat olish bir nechta hafta yoki oylab vaqt talab qilgan paytlar ham bo‘lgan.

Hozirda bir darcha tamoyili asosida shaxsini tasdiqlovchi birgina hujjat bilan Davlat xizmatlari markazlari orqali 5 daqiqa ichida tadbirkorlik faoliyatini rasmiylashtirish imkoni mavjud. O‘z navbatida tadbirkorlik qilishni istovchilar soni ortib bormoqda.

Masalan, o‘tgan 3 oyda jami 28 982 ta tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davri bilan solishtirganda 21 410 taga ortganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, ushbu davrda 50 dan ortiq xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Xizmatlar sohasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 3 oyidagi eng ommabop davlat xizmatlari sifatida “Jismoniy va yuridik shaxslar uchun elektron raqamli imzo olish”, “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirish”, “Kadastr pasportini shakllantirish”, “Sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumotnomalarni olish uchun ariza yuborish”, “Ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish”, “Sovuq suvni hisobga olish uskunasini yechish va o‘rnatishga ariza berish” hamda “Ipoteka kreditiga Davlat subsidiyasini olishga ariza berish” singari xizmatlar tashkil qilgan.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish, olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholi qatlamiga qulaylik yaratish maqsadida 8 ta Davlat xizmatlari markazlari filiallari tashkil.

Filiallar tomonidan birinchi chorakda 3 092 ta davlat xizmatlari aynan chekka hududlarning o‘zida ko‘rsatilgan. 500 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari ham tuman markazlariga bormasdan aynan filiallar yordamida davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Bundan tashqari, olis va chekka hududlar, aholi gavjum bo‘lgan joylarda 25 941 ta davlat xizmatlari sayyor tartibda ko‘rsatilib, 491 ta tadbirkorlik sub’yektlari sayyor tartibda rasmiylashtirildi. 2022 yilning dastlabki 3 oyida sayyor tartibda ko‘rsatilgan davlat xizmatlari 2021 yilning mos davriga nisbatan 14 324 taga ko‘paygan. Sayyor tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tadbirkorlik sub’yektlari ham mos ravishda 283 taga ortgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilning o‘tgan 3 oyi davomida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida vakolatli organlar tomonidan 3 250 ta qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Shundan, 2 421 ta holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan, 821 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 8 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilgan. 2021 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 3 589 tani tashkil qilgan edi.

Mazkur yo‘nalishda “Hududgaz Samarqand”, Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari, Davlat soliq idoralari, Sog‘liqni saqlash muassasalari, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ singari bir qator tashkilotlar afsuski, “yetakchi”ligicha qolmoqda.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha vakolatli idoralar rahbarlari nomiga 6 ta taqdimnoma va 718 ta ogohnomalar kiritilib, 54 nafar aybdor shaxslar ma’muriy va 6 nafari intizomiy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi.

Maqsud QURBONOV,
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.