Bitiruvchilar hokim bilan fikrlashdi, taklif aytdi, muammosiga yechim izladi
Xabar berganimizdek, yoshlar festivali doirasida bo‘lib o‘tgan ’’Hokim va bitiruvchi yoshlar uchrashuvi’’da oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashish masalasida yuzaga kelayotgan muammolarga yechim izlandi.
Unda viloyat hokimi bitiruvchi, korxona va tashkilotlar hamda oliygohlar o‘rtasidagi uch tomonlama shartnoma tizimi o‘zini oqlamayotgani, bu muammoni vaqtincha yashirib turishgagina xizmat qilayotganini aytdi.
- Uchrashuvda bir necha taklif va savollarimni o‘rtaga tashladim, - deydi SamDU bitiruvchisi Mohinur Ro‘ziyeva. - 4 yildan beri ’’O‘zbekiston xotin-qizlari: O‘tmish va bugun’’ mavzusida ilmiy izlanish olib boryapman, ya’ni gender tenglik masalasida. Taklifim ham shu mavzuda edi. Masalan, viooyatimizda xotin-qizlar orasida rahbarlar kam. Shu masalaga alohida e’tibor qaratish lozimligini so‘radim. Hokim haqiqatan ham boshqa viloyatlarga nisbatan bizda ayol rahbarlar kamligini aytdi. Bu bo‘yicha viloyatda teng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi. Shaxsan meni viloyat hokimi o‘rinbosari Zebo Rahmonovaga "Ustoz-shogird" an’anasi bo‘yicha biriktirdi.
Tadbirda viloyat hokimi bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha platforma yaratish taklifini berdi.