"Biz buyuk davlat quruvchilar avlodimiz". Samarqand shahridagi yoshlar markazida shu mavzuda konferensiya bo‘lib o‘tdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Samarqand viloyat hokimligi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va respublika Yoshlar turizmi agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universiteti talabalari, partiya a’zolari hamda yoshlar qatnashdi.
Konferensiyada so‘z olganlar yoshlarning ongini ma’naviy, huquqiy va siyosiy bilimlar bilan boyitish hamda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish uchun qanday ishlarni amalga oshirish lozimligi haqida so‘z yuritdi.
– Samarqand - sayyohlar shahri, bu yerda turizmni rivojlantirishda Fransiya, Turkiya, Misr kabi davlatlar tajribasi asosida takolmillashtirish lozim, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev. – Buning uchun albatta, yoshlarning turizm sohasidagi bilimlarini oshirish kerak. Qolaversa, tadbirni o‘tkazishda yoshlar bilan fikr almashish va ular beradigan asosli takliflarni amalda qo‘llash maqsad qilingan.
Konferensiya doirasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan Toshkent shahrining mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan oila farzandlarining Samarqand shahridagi tabarruk qadamjolar va diqqatga sazovor joylarga sayohati tashkil etildi.
Anjumanda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ishtirok etdi.
A.PO‘LATOV.