Biz nafaqaga chiqdik, simyog‘ochlar-chi?

Siz suratda ko‘rib turgan simyog‘och o‘rnatilganiga qariyb 60 yil bo‘lgan, desam ishonavering. Sababi esimni tanib, tengdoshlarim bilan ko‘chada o‘ynab yurgan paytlarda ham ular bor edi va haligacha qishlog‘imizga xizmat qilib kelyapti. 

Uzoq yillar ta’lim tizimida ishlab, nafaqaga chiqdim. O‘qituvchilik qilib yurgan kezlarimda ham, maktabda rahbar vazifasida ishlagan vaqtlarda ham shu simyog‘ochlarning taqdiri meni ko‘p o‘ylantirardi. Bundan bir necha yil avval qisqa tutashuv natijasida bir qismi yonib ketgan bu yog‘och ustunlarni beton tayanchlarga almashtirish shunchalar qiyinmikan-a, deb qo‘yardim. 

Xalq deputatlari tuman kengashi deputatligiga saylanganimdan keyin bu o‘y meni battar qiynay boshladi va vakolatimdan foydalanib, tegishli mutasaddilarga xalq nomidan murojaat qildim. 

Tuman elektr tarmoqlari korxonasiga qilgan deputatlik so‘rovimga korxona rahbari X.Mavlonov nomidan javob xati keldi. Unda yozilishicha, Qo‘rg‘on mahallasidagi eskirgan simyog‘ochlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi “Past va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini va transformator punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020-2021 yillarda bosqichma-bosqich almashtirilishi rejalashtirilar ekan.

Bu kabi simyog‘ochlar mahallamizda ko‘p. Uch-to‘rttasi achinarli ahvolda.  Mazkur masalada mahalla oqsoqollari ham bir necha bor mutasaddilarga murojaat qilgan. 2020 yilning yarmi o‘tib bo‘ldi. Mahalla ahli esa inson hayoti uchun xavfli  bo‘lgan bu simyog‘ochlar yangisiga almashtirilishini intizorlik bilan kutib yashayapti.

  Biz kutamiz. Sabrlimiz. Biz qatori odamlar buni kutib nafaqaga chiqdi. Ammo tengdoshimiz bo‘lgan simyog‘ochlar-chi?!

  Manzura ERNAZAROVA,

  xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi deputati.