Biz qanday go‘shtni iste’mol qilyapmiz?
Biz sotib olayotgan go‘sht sanitariya talablariga qanchalik javob beradi? Oshxonayu to‘yxonalarda, bolalar bog‘chalarida ovqatga solinayotgan go‘shtning sifatini kim tekshirgan? So‘yilgan va go‘shti sotilayotgan hayvonning kasal bo‘lmaganligiga kim kafolat bera oladi? Ishlab topayotgan pulimizni sarflab, go‘sht bilan birga kasallikni ham sotib olmayapmizmi, oilamiz a’zolarining hayotini xavfga qoldirmayapmizmi?
Zamonaviy kushxona zarur edi, Qurildi. Ammo...
Ming afsuski, qator yillar davomida ushbu savollar bizni umuman qiziqtirmadi. Deyarli har kuni iste’mol qiladigan mahsulotimizning sifati va kelib chiqishiga befarq bo‘ldik. Natijada kasal, harom o‘lgan mollar go‘shtidan tashqari, biz uchun iste’moli nojoiz sanalgan eshak va boshqa yovvoyi hayvonlar go‘shti ham sotuvga chiqarilganligi, umumiy ovqatlanish tarmoqlariga tarqatilganligi haqida ommaviy axborot vositalarida bir necha marta xabarlar e’lon qilindi.
Mamlakatimizda ana shunday salbiy holatdan qutulish uchun keng qamrovli amaliy ishlar qilinayotganligi tahsinga loyiq. Chorva mollarini so‘yish uchun zamonaviy kushxonalar qurish, go‘shtni sotuvga chiqarishdan oldin uni veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish talabi hayotga tadbiq etila boshlandi.
2015 yilning aprelida Vazirlar Mahkamasi respublika hududida chorva mollarini avtomatlashtirilgan ravishda so‘yish va teriga birlamchi ishlov berish bo‘yicha "mini komplekslar"ni tashkil etish yuzasidan amalga oshirilish lozim bo‘lgan vazifalarni muhokama qilib, qator tadbirlar belgilagan edi. Ushbu muhim vazifalarni zudlik bilan hayotga tadbiq etish maqsadida respublika ishchi guruhi tuzilib, uning zimmasiga "mini komplekslar"ni tashkil etish bo‘yicha loyihalar ijrosini ta’minlash va muammolarning yechimida yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatildi.
Samarqandlik tadbirkor Sherali Toshpo‘latov yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanib, o‘sha yilning o‘zida chorva mollarini so‘yishga ixtisoslashgan zamonaviy kushxona qurish harakatini boshlagan edi. U shu maqsadda "Samarqand sifat go‘sht savdo" MChJ tashkil etdi. Korxona ikki yil ichida Samarqand shahrining Konigil mavzesi hududida 2,5 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari evaziga barcha qulaylik va sharoitga ega zamonaviy kushxona bunyod etdi. Jihozlar Turkiyadan olib kelindi. Kushxona bir kecha-kunduzda, ya’ni ikki smenada 150 bosh qoramol va 300 bosh qo‘y so‘yishga moslashtirilgan.
Korxonani aylanib chiqib, undagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishib, kushxonalar haqidagi avvalgi tasavvurim umuman o‘zgardi. U har kuni ishlayotganligiga qaramasdan, bino ichi toza va ozoda edi. Qoramolni bino ichiga olib kirib, uni so‘yib, muzlatgich kamerasiga joylashtirishgacha bo‘lgan jarayonni kuzatdim. Ushbu jarayon davomida so‘yilgan mol tanasini umuman yerga tegizmasdan, maxsus moslamalar orqali harakatga keltirilar ekan. Tana katta bo‘laklarga bo‘linib, muzlatgichga joylashtirilishidan oldin veterinariya ko‘rigidan o‘tkaziladi. Agar go‘sht iste’molga yaroqli deb topilsa, so‘yilgan mol tanasiga muhr bosiladi va sotishga ruxsat beruvchi ma’lumotnoma taqdim etiladi.
Mol so‘yishdan oldin ham maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi. Agar uning tana harorati baland yoki past bo‘lsa yoki unda biror kasallik aniqlansa, zarur chora ko‘riladi. Kasali jiddiy bo‘lmasa, kushxonada alohida joyda bir necha kun mutaxassis veterinar kuzatuvi ostida saqlanadi va tuzalganidan so‘ng so‘yishga ruxsat beriladi. Jiddiy kasalga uchragan mol so‘yilib, yuqori haroratda ishlaydigan maxsus kamerali mufel pechiga tashlab, yo‘qotiladi.
Demak, "Samarqand sifat go‘sht savdo" MChJ va unga o‘xshash zamonaviy kushxonalarda so‘yilgan mol go‘shtini bemalol qo‘rqmasdan iste’mol qilsa bo‘ladi. Ammo...
Chorva mollarini yangi kushxonalarda so‘yishni yo‘lga qo‘yishga nima xalaqit bermoqda?
– Katta mablag‘ sarflab qurgan korxonamizni 2017 yilning aprel oyida foydalanishga topshirganimizga qaramasdan, bir yildan ko‘proq vaqt davomida deyarli ishlamadik. Qassoblar eskicha ishlashni afzal ko‘rib, istagan joyda chorva mollarni so‘yishni davom ettirishdi. Amalga oshirgan targ‘ibot ishlarimizning foydasi bo‘lmadi. Tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv uchun to‘laydigan mablag‘ni topish muammoga aylandi, – deydi Sherali Toshpo‘latov.
Bunday ahvol faqat ushbu korxonaga emas, mamlakatimizda qurib foydalanishga topshirilgan avtomatlashtirilgan majmualar bilan jihozlangan chorva mollarini so‘yishga ixtisoslashtirilgan 33 ta kushxonaga ham tegishli ekan. Buni davlat veterinariya qo‘mitasi va "O‘zcharmsanoat" uyushmasi tomonidan viloyat hokimliklari va qator tashkilotlarga 2018 yil 9 noyabrda yuborgan maktubidagi quyidagi jumlalardan ham bilib olsa bo‘ladi: "Joylarda chorva mollarini so‘yish asosan veterinariya va sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan, so‘yishdan oldingi va keyingi jarayonlar tartibga solinmagan, go‘sht va terini saqlash sharoitlari bo‘lmagan, eski tartibda qurilgan, nisbatan arzon kushxonalarda amalga oshirilishi natijasida zamonaviy ixtisoslashtirilgan kushxonalar 15-20 foiz quvvatda ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Natijada ularning moliyaviy holati yomonlashib, o‘z xarajatlarini qoplay olmaslik va tijorat banklaridan olingan kredit mablag‘larini belgilangan muddatlarda qaytarishda muammolar vujudga kelmoqda".
Yuzaga kelgan vaziyatni o‘zgartirishga respublika hukumati, viloyat va shahar hokimliklari aralashgach, ahvol yaxshi tomonga siljidi. Jumladan, Samarqand viloyat hokimining 2018 yil 14 noyabrdagi qaroriga asosan zamonaviy kushxonalar ishga tushirilgan hududlarda go‘shtni sotuvga chiqarishga ruxsat berishda uning ushbu kushxonalarda so‘yilganligini e’tiborga olish tizimini yo‘lga qo‘yish qat’iy talab qilindi. Natijada avgust oyiga kelib, kushxonada 1263 bosh qoramol va 84 bosh qo‘y so‘yilgan bo‘lsa, dekabr oyida bu ko‘rsatkich mos ravishda 1480 va 180 boshni tashkil etdi. Ayni paytda har kuni o‘rtacha 54 bosh chorva moli so‘yilmoqda. Boshqacha qilib aytganda, korxona atigi 12 foiz quvvat bilan ishlamoqda. Unda 48 nafar ishchi-xodim mehnat qilyapti.
Ahvolning o‘zgarmayotganligiga sabab nima? Yoki yangi kushxonda narxlar balandmi? Bu savolga Sh.Toshpo‘latov shunday javob qaytardi:
"Xizmat haqini yuqori deb o‘ylamayman. Bir bosh qoramolni so‘yib berishga 80 ming so‘m, bir bosh qo‘yga 30 ming so‘m olamiz. Molning egasi hech narsaga qo‘l urmaydi. Faqat molini keltirib beradi va tayyor go‘shtni olib ketadi".
Ammo ko‘p yillar davomidagi e’tiborsizlik oqibatida mas’uliyat tushunchasidan uzoqlashgan ayrim qassob va go‘sht do‘konlari egalari eskicha ishlashga yopishib olganga o‘xshaydi. Ayni paytda go‘shti aholiga sotilayotgan chorva mollarning qushxonada so‘yilishi tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi raisi va ayni paytda "Siyob dehqon bozori" rahbari vazifasini bajarayotgan Tohir Mamadaliyev bilan viloyatdagi eng katta bozorning go‘sht rastasini aylanib chiqdik. Rastaning o‘zida 10 nafar va bozor hududidan tashqarida yana 4 nafar go‘sht sotish nuqtalari bor ekan. Biz borgan 9 yanvarda go‘sht rastasida 4 nafar sotuvchi ishlayotgan edi. Ularda molning "Samarqand sifat go‘sht savdo" MChJda so‘yganligini tasdiqlovchi hujjati bor hamda mol tanasining son qismida tegishli muhr bosilgan.
– Faqat bozorlarimizda sotilayotgan go‘shtni nazorat qilish bilan ko‘p narsaga erisha olmaymiz. Chunki viloyat hududida kamida 800 ta nuqtada go‘sht sotiladi. Bozorlar orqali ularning 7 foizigina aholiga yetkaziladi, xolos, – deydi T.Mamadaliyev.
Demak, aholiga sotilayotgan, ovqatlanish shoxobchalariga yetkazib berilayotgan go‘sht va go‘sht mahsulotlari turli xil kasalliklar keltirib chiqarmasligiga erishish uchun veterinariya-sanitariya talablariga rioya etilishi doimiy nazoratda bo‘lmog‘i lozim. Ammo bu borada har birimiz mas’uliyatni sezgan holda ish tutishimiz har qanday nazoratdan ustun desak, xato bo‘lmaydi. Chunki qassobda tegishli dalolatnoma bo‘lmay, sotayotgan go‘shtida muhr bosilmagan taqdirda uning mahsulotini xarid qilmasak, eng to‘g‘ri va samarali yo‘l tutgan bo‘lamiz.
Toshpo‘lat RAHMATULLAYEV.