BMT: COVID-19 - tashkilot tarixidagi eng katta muammo

BMT Bosh assambleyasi (BA) koronavirus pandemiyasiga qarshi har tomonlama kurash olib borish bo‘yicha kompleksli rezolyusiya qabul qildi. Pandemiya o‘z ta’sirini o‘tkazgan barcha sohalar yodga olingan hujjatda COVID-19 - tashkilot tarixidagi eng o‘lkan muammolardan biri ekanligi ta’kidlangan. Bu haqda 12 sentyabr kuni Lenta.ru nashri ma’lum qildi.

Rezolyusiya qabul qilinishi uchun 169 nafar davlat ovoz berdi. AQSh va Isroil bunga qarshi chiqdi, Ukraina va Vengriya betaraf pozitsiyani tanladi.

Hujjatda BMT Bosh assambleyasi epidemiya bilan bog‘liq irqiy kamsitishlar, nafrat va ksenofobiya holatlarining ko‘payayotganidan chuqur tashvish bildirayotgani ta’kidlangan. Hujjat mualliflari ushbu holatlarga qarshi kurashishni talab qilmoqda.

Shuningdek, tashkilot hukumat va mamlakatlardagi fuqarolik jamiyatlarini pandemiya bilan kurash olib borish bo‘yicha zaruriy choralarni ko‘rishga chaqirdi. Jumladan, so‘z sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash haqida bormoqda.

Bundan tashqari, hujjatda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun barcha davlatlarni yuqori sifatli diagnostika, terapiya, dori-darmon va vaksinalar bilan to‘siqsiz va o‘z vaqtida ta’minlash zururligi ta’kidlangan.