BMT koronavirusga qarshi kurashda insoniyat muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oldi

Insoniyat koronavirus pandemiyasi sinovidan o‘ta olmadi, deya ta’kidladi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish. Bu haqda Lenta.ru nashri xabar berdi.

BMT Bosh kotibi qayd etilgan kasallanish va o‘lim holatlari statistikasini keltirib o‘tdi - millionga yaqin inson vafot etdi, 32 milliondan ortiq kishi kasallandi. Guterrishning fikriga ko‘ra, insoniyat hamkorlik qilishdan bosh tortganligi sababli dunyo bunga to‘sqinlik qila olmadi.

“Pandemiya – bu hech shubhasiz, biz muvaffaqiyatsizlikka uchragan halqaro hamkorlikning sinovi. Shu bilan birga, u (koronavirus) bizni harakat qilishga chorlaydigan ogohlantiruvchi vosita ham bo‘ldi”, dedi Guterrish va ommaviy barqarorsizlikning oldini olish uchun dunyo global institutlar doirasida birlashishi kerakligini qo‘shimcha qildi.