BMT Xavfsizlik Kengashi Myanmadagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi

Bugun, 2 fevral kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Myanmadagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi, deb xabar qilmoqda G‘arb ommaviy axborot vositalari.

Uchrashuv yopiq, videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Myanmadagi vaziyatdan bir qator mamlakat rahbarlari, jumladan, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson va Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrell o‘z xavotirini bildirishdi.

Xabarlarga ko‘ra, 1 fevral kuni tongda harbiylar Myanmaning davlat maslahatchisi Aun San Su Chji, prezident Vin Myin va boshqa yuqori martabali amaldorlarni hibsga olgan.

Myanma harbiy televideniyesi mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat e’lon qilinganligini ma’lum qildi. Shuningdek, davlat to‘ntarishi natijasida mamlakatdagi davlat hukumati Myanma Qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni Min Aung Xlaynga o‘tganligi va vitse-prezident Mint Shve vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi.

Harbiylar hibsga olish va boshqa harakatlar mamlakatda 2020 yil 8 noyabrda bo‘lib o‘tgan "saylovlarni soxtalashtirish"ga javoban o‘tkazilganligini aytishdi.