Bog‘cha va maktablar hududida oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga cheklovlar qo‘yiladi
Prezidentimizning “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab yangilangan ovqatlanish ratsionini hamda ushbu yo‘nalish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga bo‘lgan talablarni tasdiqlanib, bolalarning sog‘lig‘iga va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha ta’lim muassasalari hamda maktablar hududida sotishga cheklovlar qo‘yiladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda bolalarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini ta’minlash maqsadida belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishi belgilandi.
Onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta’minlash uchun zarur dori va tibbiyot vositalari (“K” vitamin, surfaktant va boshqalar) bilan qo‘shimcha ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda 26 milliard so‘m ajratiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining yozishicha, bolalar va tug‘ruq muassasalarida yuqori texnologik laborator uskunalaridan to‘laqonli va samarali foydalanish maqsadida 2022 yildan boshlab Davlat byudjetidan reaktiv, reagentlar, sarflov anjomlari hamda servis xizmatlar uchun qo‘shimcha 8 milliard so‘m ajratiladi.