Bojxona qo‘mitasi Hindistonda 5,3 kilo tilla taqinchoqlar bilan qo‘lga tushgan o‘zbekistonlik shaxslar ishiga izoh berdi

OAVlarda Dehlida sakkiz o‘zbekistonlik ushlangani va qiymati 2,92 million rupiyga (taxminan 35 ming AQSh dollari) teng tilla zanjirlar musodara qilingani haqida xabarlar tarqaldi.

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati holatga izoh berdi:

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2022 yil 23 dekabrda qabul qilingan qarori bor. Qarorga binoan jismoniy shaxslar qiymati 100 mln. so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 mln. so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishlari mumkin.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda, ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishlari mumkin.

Ya’ni, erta xulosa chiqarishga shoshilmang - qaysidir mamlakatda noqonuniy olib kirishda to‘xtatib qolingan tovar boshqa mamlakatdan ham noqonuniy ravishda olib chiqilganini anglatmasligi mumkin", deyiladi Bojxona qo‘mitasi munosabatida.