Koronavirusdan bolalarni qanday himoyalaymiz?
Butun dunyoda bolalar karantinda. Dastlab bolalarga xavf solishi aytilmagan kasallik, afsuski, yosh, chegara bilmayapti. Achinarlisi, kasallikka chalinish holatlari bolalarda erta yoshda ham uchramoqda. Xo‘sh, ularni kasallikdan qanday himoya qilishimiz mumkin?
Avvalo, ularning ta’limdan uzilmagan holda uyda o‘tirishi kasallikdan himoyalashda juda muhim. Ammo bunda ham bolalarning gigiyena qoidalariga, kun tartibiga, vitaminga boy mahsulotlar iste’moliga alohida ahamiyat berish lozim.
- Bugungi kunda biz, bolalar shifokorlarining mas’uliyati ikki hissa oshdi, - deydi Samarqand shahar 1-son bolalar shifoxonasi shifokori Muborak Hosilova. – Chunki kattalarga nisbatan bolalarda shamollash juda tez va ko‘p uchraydi. Bunday holatlarda ota-onalar dastlab pediatrlarga murojaat qilishadi. Hozirgi murakkab vaziyatda esa ota-onalar farzandida shamollash alomatlari sezilganda birinchi navbatda tez yordamga murojaat etishlarini so‘rardik. Bahor oylaridagi ob-havoning tez-tez o‘zgarishi bolalarda shamollash holatlarini keltirib chiqaradi. Shuningdek, ba’zan gripp deb o‘ylagan aksa urish va burun oqish holatlari allergik holatlar ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun uydan chiqmagan holda ota-onalarimiz bugungi murakkab vaziyatda dastlab tez yordamga yoki hududiga biriktirilgan shifokorlarga murojaat etishlari lozim. Ular bola ahvolidan kelib chiqib, shifoxonaga yo‘llanma beradi. Shifoxonamiz to‘liq karantin rejimida ishlayapti. Ammo kuniga ko‘plab bemorlar turli kasalliklar bilan murojaat qilishadi. Shuning uchun hozirgi "SOVID- 19" infeksiyasiga qarshi joriy qilingan karantin vaziyatidan kelib chiqqan holda shifoxonamizga faqat hududiy oilaviy poliklinikalardan yo‘llanma bilan kelgan bemorlarnigina statsionar davolash uchun qabul qilyapmiz.
Aslida bugun bolalarimizga har doimgidan ham e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ularning o‘rtoqlaridan, kundalik mashg‘ulotlaridan ajralgan holda uyda o‘tirish ruhiy olamiga ham ta’sir qiladi. Bunday sharoitda shifokor tavsiyalariga amal qilgan holda, bolalarimizning kun tartibini mazmunli tashkil etish biz, ota-onalar oldidagi muhim vazifa.
- Farzandingizni imkon darajasida uydan chiqarmasdan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishini nazoratga olishingiz lozim, - deydi M.Hosilova. - Shu bilan birga uning kun tartibiga e’tibor bering. Ertalabki badantarbiya qon aylanish tizimini yaxshilab, miya faoliyatini normallashtiradi. Buni uy sharoitida ham amalga oshirish mumkin. Kun davomida vitaminli, oqsil, uglevod va minerallarga boy mahsulotlarni iste’mol qilishi, qaynatilgan iliq suv, tabiiy sharbatlar ichirib turishi muhim. Mevalarni imkon darajasida bolaning kunlik ratsioniga kiriting.
Qo‘llarni toza tutish, tirnoqlarini olib turish, tez-tez sovunlab yuvish kerak. Xonalarni vaqti-vaqti bilan shamollatish lozim. Bolaning dam olishiga ham kun tartibidan vaqt ajrating. Uyga begonalarni kiritmaslik, ishdan, bozordan kelganda, avvalo, ko‘cha kiyimlarni almashtirib, qo‘llarni sovunlab yuvib, dezinfeksiyalovchi eritmadan foydalanib undan keyin bolalar bilan muloqot qiling.
Agar shamollash belgilari, isitma, yo‘tal kuzatilsa darhol tez yordam chaqiring. O‘z-o‘zicha ota-onalarning bolalariga dori-darmon berishi kerak emas. Shuni unutmangki, har bir dori moddalarining organizmga nojo‘ya ta’sirlari bor.
Biz telefon orqali ham bolani ovqatlantirish, kun tartibi, shamollash profilaktikalari haqida ota-onalar savollariga javob berib boryapmiz. Agar kasal bo‘ldi bolam desa, tez yordam yoki hududiy oilaviy poliklinika shifokorlariga murojaat qilishini aytyapmiz.
Nasiba Jonto‘rayeva.