Bosh prokuratura DXX bilan hamkorlikda OTMlarda tamargirlik holatlarini aniqlashdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlarda oliy ta’lim muassasalaridagi tamargirlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.

Xususan, o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon davlat universiteti kafedra dotsenti L.R. fuqarolar M.M. va F.A.larni Qirg‘iziston Respublikasidagi universitetda o‘qib kelayotgani haqida tanishlari orqali soxta hujjatlar tayyorlab, ularning o‘qishini Andijon davlat universitetiga ko‘chirib qo‘yish evaziga 4 000 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari Z.N. va Sh.S.lar moddiy manfaatdorlik evaziga Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod shahridagi “Nauchno-issledovatelskiy mediko-sotsialniy institut” nomli oliygohda ta’lim olayotgan M.S.ning o‘qishini Andijon Davlat tibbiyot institutiga mazkur institut mansabdor shaxslari orqali ko‘chirib berishni va’da qilib, 2 000 AQSh dollarini pora tariqasida olganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Fuqaro O.R. Andijon davlat universitetida ishlayotgan mansabdor tanishlari orqali Qirg‘iziston Respublikasi o‘zbek-qirg‘iz universitetining informatika yo‘nalishi bo‘yicha 1-bosqichida tahsil olayotgan N.Sh.ning o‘qishini oliygohning informatika yo‘nalishi bo‘yicha 1-bosqichiga ko‘chirib berish evaziga 200 AQSh dollarini pora tariqasida olgan paytda ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.