Bosh prokuratura shifokor hayotiga qilingan suiqasd yuzasidan ma’lumot berdi

2019 yil 29 iyun kuni soat 10-30 larda fuqaro J.Q. (1995 yilda tug‘ilgan) Jizzax viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xirurgiya bo‘limiga kelib, bo‘lim mudiri T.H. (1968 yilda tug‘ilgan) 26.06.2019 yilda “exinokok” tashxisi bilan operatsiya qilishi natijasida 2005 yilda tug‘ilgan ukasi vafot etganligi sababli, qasddan o‘ldirish maqsadida o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan T.H.ning ko‘kragiga va qorin qismiga bir necha marta pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazgan vaqtida bo‘lim shifokori B.G‘. ularni ajratib qolishi natijasida J.Q. jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmasdan  voqea joyidan qochib ketgan.

Shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam natijasida T.H.ning hayoti saqlanib qolingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida J.Q. Zafarobod tumani, “Uzun” qishlog‘ida ushlanib, oshxona pichog‘i ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan o‘sha kunning o‘zida Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

J.Q tegishli protsessual tartibda ushlangan.