Bosma nashrlar qaytadan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va muassis tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanishi kutilmoqda. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi tegishli qarori loyihasi muhokamaga e’lon qilindi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlar

2020 yil 1 iyuldan boshlab davlat boji undirilmasdan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ulardagi tahririyat xodimlarining mehnatiga haq to‘lashga doir quyidagi muhim vazifalarni amalga oshirish vazifasi topshiriladi:

  - o‘z binosiga ega bo‘lmagan davriy bosma nashrlar tahririyatlari 2020 yil 1 noyabr kunidan boshlab uch yil muddatga, muassis balansidagi binolarga ijara to‘lovisiz yoki davlat ko‘chmas mulki ob’yektlariga ijara to‘lovini ushbu ko‘chmas mulk ob’yektlariga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdoridagi shartnoma asosida joylashtirish;

- davriy bosma nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida moliyaviy yil yakunida taqsimlanadigan tahririyat sof foydasining muassisga tegishli qismi tahririyat hisobida qoldirish va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish;

 - davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan davriy bosma nashrlar tahririyatlari xodimlarining shtat jadvali bo‘yicha soni va ularning ish haqi miqdorlarini tasdiqlash va ushbu mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga mahalliy hokimiyat organlarining viloyat, tuman, shahar byudjetidan tashqari jamg‘armalari hisobidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratish;

- 2020 yil 1 sentyabrga qadar o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning elektron variantlarini ishlab chiqish va ishga tushirish;

- ehtiyojmand va faol jurnalistlarni moliyaviy ahvolini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish.

2021 yil 1 yanvardan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarning bosh muharrirlari ustuvor ravishda jurnalistika sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tayinlanadi;

tuman, shahar ijroiya hokimiyati, davlat boshqaruv organlarining hududiy bo‘linmalari muassisligidagi davriy bosma nashrlar bosh muharrirlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etishda tegishlicha yuqori turuvchi davlat hokimiyati va boshqaruv organining xulosasi hisobga olinadi.

Qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 21 mayiga qadar davom etadi.