Botirjon Nurullayev: Samarqand shahridagi qurilish ishlari YuNESKO vakillarini xavotirga qo‘ygandi

YuNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining yaqinda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan 43-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasining Shahrisabz, Samarqand va Buxoro shahridagi madaniy merosni saqlash bilan bog‘liq hisobotlari ham ko‘rib chiqildi.

 Ushbu sessiyada Samarqand viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Nurullayev ishtirok etdi. Sessiyada Samarqanddagi madaniy meros ob’yektlarining ahvoli, shahardagi qurilish ishlarining uning tarixiy ko‘rinishiga ta’siri yuzasidan hisobotlar taqdim etildi. YuNESKO vakillari bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Sessiyada Samarqanddagi madaniy meros ob’yektlari haqida bildirilgan fikrlar bo‘yicha B.Nurullayevdan so‘radik.

– Ma’lumki, 2022 yilda Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitini o‘tkazish ko‘zda tutilgan, - deydi B.Nurullayev. – Shu munosabat bilan shaharda bir qator yangi ob’yektlar qurish, keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borish rejalashtirilgan. YuNESKO mutaxassislari bu borada o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi. Ta’kidlash kerakki, bu ishlar YuNESKO bilan maslahatlashilgan holda, taklif etilayotgan loyihalar bo‘yicha ularning xulosasini olingandan so‘ng amalga oshiriladi. Shuningdek, bunda shaharning bosh rejasiga alohida e’tibor qaratiladi, qurilish ishlarining madaniy meros ob’yektlariga ta’sir etmasligi hisobga olinadi.

Bu masalalarda yana bir bor YuNESKO ekspertlari bilan hamkorlikda ish olib borishga kelishib oldik. Yaqin kunlarda ushbu tashkilot ekspektorlarining Samarqandga tashrifi kutilmoqda. Shahardagi barcha o‘zgarishlar ular bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, avvalgi yillarda Samarqand shahrida 147 ta ob’yektlar qurilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ham YuNESKO vakillarini jiddiy xavotirga qo‘ygandi. Ushbu masalada ayni kunlarda ish olib borilayotgani va qonuniy asosda hal etilayotganini ma’lum qildik.