Britaniya tog‘-kon sanoati kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya 12-16 fevral kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi
O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida Buyuk Britaniyaning «MMD Mineral Sizing Europe» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilgan.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tomoni bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va yurtimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, joriy yilning 12-16 fevral kunlari Britaniya tog‘-kon sanoati kompaniyalari delegatsiyasi tarkibida «MMD Mineral Sizing Europe» vakillarining O‘zbekistonga ishchi safarini yuqori darajada tashkil etish masalalari xususida fikr almashildi.
Britaniya tomonining aytishicha, mazkur tashrif britan kompaniyalari uchun O‘zbekiston tog‘-kon sanoati to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish, ushbu jabhaning keng imkoniyatlari va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi bilan bevosita tanishish imkoniyatini beradi.
«MMD Mineral Sizing Europe» kompaniyasi 1978 yilda tashkil etilgan. Korxona innovatsion materiallarni qayta ishlash texnologiyalari tufayli global tog‘-kon sanoati, karer va qayta ishlash sohalarida faoliyat olib boradi. Shuningdek, mazkur kompaniya ko‘mir, sement, metallar va qayta ishlash sohalarini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli sanoat mashinalarini ishlab chiqaradi. Kompaniyaning innovatsion texnologiyalari, ayniqsa, minerallarni va rudalarni saralash va tashish sohalarida Avstraliya, Afrika, Osiyo, Yevropa, Janubiy va Shimoliy Amerika mintaqalari mamlakatlarida joriy etilgan, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA.