Broyler jo‘ja qirq kunda tayyor bo‘ladi

Davlat tadbirkorga istagancha imkoniyat bermoqda. Ammo hali ham ayrim ishyoqmaslar biror ish yoki hunar o‘rganishni boshlamasdan, biri ikki bo‘lmay, bahonaning etagini qo‘yib yubormaydiganlar uchrayapti. Mahallamizdagi holatni ko‘rib, garchi yosh bo‘lsamda, ishlagan, harakat qilgan odam daromad qilarkan, degan xulosaga keldim.

Masalan, Ergash aka Barakayev 2017 yilda o‘z hovlisida 200 ta jo‘ja boqdi. Broyler jo‘ja 40 kunda tayyor bo‘ldi, biroq u nima qilarini bilmadi: xaridor yo‘q, chunki hech kim bilan kelishmagan. Oxiri qarindoshlar go‘shtni bo‘lib olishdi.

Ergash aka mutaxassis yordamida ishni oqilona tashkil qildi. Mana, hozir u kishi 500 tagacha jo‘ja parvarishlaydi, nafaqat Paxtachi, hatto qo‘shni Navoiy shahrida ham xaridori topildi. Bundan tashqari uyida jo‘ja go‘shti pishiradigan oshxona ochib oldi.

Natijada uchta xo‘jalikning turmushi obod, ishi avj, hozir to‘ylarga jo‘ja go‘shtini shu kishidan olishadi, chunki sifati yaxshi, narxi arzon.

Ko‘p o‘tmay mahallamizdagi Quvonch Nurullayev va Azim Bobonorov ham hovlisida xuddi shunday parranda parvarishlay boshladi. O‘tgan yilning yozida ular safiga Azim aka, Fazliddin aka va Alisher akalar oilasi ham qo‘shildi.

Ko‘p o‘tmay qishloqda yashovchi veterinar vrachlar Bobosher Kenjayev va Ro‘zimurod Qurbonovlarga ham ish topildi. Ular parrandalarni o‘z vaqtida emlab turishibdi. Darvoqe, parranda nurisi o‘raga ko‘milsa, payti kelib eng samarali o‘g‘itga aylanadi. Qishloq ahli bundan ham foydalanyapti.

- Taxminan o‘n foizcha oilani hisobga olmasak, bizda hamma chorvachilik bilan shug‘ullanadi, - deydi Paxtachidagi Fay mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ziyoda Quvondiqova. – Beshta xonadonda 100 boshdan qo‘y boqilyapti. Qolganlarida ham kamida o‘ntadan qo‘y-qo‘zi, echki bor. O‘nga yaqin xonadon egalari novvos boqishni o‘rganishgan. Ro‘zg‘orini uddalaganlar esa doimo o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashaydi.

Jamolbek Salomov.