Bu haftada havo harorati iliq bo‘lishi kutilmoqda

Qishning oxirgi oyi boshi uchun harorat me’yoriy qiymatlardan 2-4 darajaga yuqori bo‘lgan juda iliq va kam bulutli bahoriy ob-havo bo‘ladi. Juma kuniga kunduzi termometr ko‘rsatkichi 14-17 daraja iliq haroratga yetadi, deb xabar berdi "O‘zgidromet".

Ertaga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizidan nam havo massalari kirib kelishi hisobiga Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarida kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati kechasi 0-5 daraja iliq, kunduzi 10-15 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Ish haftasining oxirigacha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechalari harorat 0-5 daraja iliq, kunduz kunlari 10-15 daraja iliq atrofida bo‘ladi, juma kuni 14-17 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Hafta davomida respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi saqlanib turadi.