Bu yil bolalar kuni qanday o‘tkaziladi?

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni 1950 yildan buyon har yil 1 iyun sanasida butun dunyoda keng nishonlanadi. Xo‘sh, nima uchun aynan 1 iyun sanasi?

1925 yil 1 iyunda Jenevada butun dunyo bo‘ylab bolalar farovonligi mavzusida konferensiya o‘tkazilib, unda bolalar kunini nishonlash to‘g‘risida kelishib olindi. O‘sha kuni xitoylik konsul o‘z mamlakatidan kelgan yetim bolalar uchun San-Fransiskoda bolalar sharafiga bayram uyushtirib, milliy - "Ajdar qayiqlari" festivalini o‘tkazdi. Bu g‘oya dunyo hamjamiyatiga ma’qul kelib, natijada xalqaro bolalarni himoya qilish kuni belgilandi.

Ikkinchi jahon urushi natijasida dunyo bo‘ylab juda ko‘p ota-onasiz bolalar borligi ko‘pchilikni tashvishga soldi. 1945 yilda Parijda ayollar kongressi o‘tkazilib, qatnashuvchilar butun dunyoda tinchlik bo‘lishi, barcha bolalar kelajagi uchun kurashishga va’da berishdi va 1 iyunga rejalashtirilgan bolalar kunini nishonlashdi.

Urush chog‘ida ota-onasiz qolgan yetim bolalar yoniga "Ijtimoiy yetimlik" qo‘shildi. Bolalar uylariga endi ota-onasi bor bolalar kelib qo‘shila boshladi.

Bolalarni himoya qilish kunining asosiy vazifasi bolalarning ta’lim olishi, dam olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, shaxsiy daxlsizligi va hokazolar hisoblanadi. Bayram kuni har bir ota-onaning eng muhim vazifasi bolalariga yuqori darajada e’tibor qaratishdan iborat. To‘g‘ri, har yili bu kunda shahar ko‘chalari, istirohat bog‘lari, bolalar o‘yin maydonchalari ota-onalar va bolalar bilan gavjum bo‘lardi. Go‘yo, olam bolalarning beg‘ubor quvonch-u shodligiga, tabassumiga to‘lgandek. Bu yil esa bayram o‘zgacha nishonlanadi. Koronavirus pandemiyasi sabab bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi vaqtinchalik cheklandi. Shunday bo‘lsa-da, uyingizda bolalarga  bo‘lgan mehringizni, e’tiboringizni namoyon eting. Ozgina e’tibor ularni dunyodagi eng baxtli insonga aylantirishini unutmang.

Berilgan sovg‘alar bolalarga baxt, quvonch va mehr-oqibatga ishonish tuyg‘usini uyg‘otsa, buni ko‘rgan farzandlaringiz qalbini mehr-shafqat hislari bilan to‘ldiradi.

Rustam XO‘JAYoROV,

mehnat faxriysi.