Bu yil Samarqandda qancha maktab rekonstruksiya qilindi yoki Payariqda nechta maktabda "burjuyka"lar saqlanib qolgan?
Joriy yil viloyat xalq ta’limi tizimidagi 12 ta muassasa, 3 ta kasb-hunar ta’limi muassasasi, 3 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasini joriy ta’mirdan chiqarish rejalashtirilgan.
Viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarini 2020-2021 o‘quv yili kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 15,3 milliard so‘m sarflash ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgacha 6,2 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.
Bugungacha 184 ta ta’lim muassasalarining bino va inshootlari mukammal va joriy ta’mirlandi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganida 9 ta muassasada 1,2 milliard so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilganligi aniqlandi. Bu ko‘rsatkich Samarqand shahrida 150 million so‘m, Qo‘shrabot tumanida 320 million so‘m, Nurobod tumanida 70 million so‘m, Urgut tumanida esa 650 million so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, maktablarda rejadagi 1438 kvadrat metr o‘rniga, hozirgacha 426 kvadrat metr singan oynalar almashtirildi. Qolgani yangi o‘quv yili boshlangunga qadar yakuniga yetkaziladi. 2020-2021 yil kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun yana qo‘shimcha 3,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi zarur.
Shu vaqtgacha viloyatdagi “burjuyka”dan foydalanib kelgan 143 ta ta’lim-tarbiya muassasasining 127 tasi to‘liq zamonaviy isitish qozonlariga almashtirildi. Hozirda qo‘lbola pechlar Payariq tumanidagi 16 ta maktab filiallarida saqlanib qolgan.
Prezidentimizning 2020 yil 10 yanvardagi qaroriga asosan viloyatdagi 32 ta maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlari uchun ajratilgan 128,2 milliard so‘m mablag‘ning 12,7 milliard so‘mi iqtisod qilingan. Iqtisod qilingan mazkur mablag‘lar umumta’lim maktablarining sport zallari qurilishidan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan 22 ta umumta’lim maktablari rekonstruksiya qilindi va mukammal ta’mirlandi. Yangi o‘quv yilida foydalanishga topshirilishi belgilangan muassasalar uchun ajratilgan 65 milliard so‘m mablag‘ning 8,4 milliard so‘mi iqtisod qilingan.
Bugunda iqtisod qilingan jami 21,1 milliard so‘m mablag‘ bo‘yicha tender savdolari o‘tkazilmagan, manzilli dasturlar tegishli vazirliklar bilan kelishilmagan va qurilish ishlari boshlangani yo‘q.