Bugun 620 ming nafardan ortiq o‘quvchi 1-sinfga qadam qo‘yadi

Joriy yilning 4 sentyabr kuni mamlakatda faoliyat yuritayotgan 9904 ta davlat umumta’lim muassasalarida 2019-2020 o‘quv yili boshlanadi. Ta’kidlash joizki, mazkur o‘quv yilida maktablar o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 213 taga ko‘paydi, deb xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi.

Bugun, 4 sentyabr kuni respublikaning barcha umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Bilimlar kuni” tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Barcha umumta’lim maktablarida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida mustaqillik darslari tashkil etiladi.

Mazkur darslarni ta’lim muassasalarida yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan uslubiy tavsiya, dars ishlanmasi va slayd-taqdimoti tayyorlanib, yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalariga yetkazildi.

2019-2020 o‘quv yilida maktablarda jami 6,16 mln. nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu esa o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 338,56 ming nafar o‘quvchi ko‘p ekanligidan dalolat beradi. Shundan 620 ming nafardan ortiq o‘quvchilar ilk bor 1-sinfga qadam qo‘yadi.

O‘quv yilining birinchi kunida 1-sinfga chiqqan barcha o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi” topshiriladi. Joriy o‘quv yilida 1-sinf o‘quvchilari uchun beriladigan “Prezident sovg‘asi” tarkibidagi mahsulotlarning sifatiga katta ahamiyat berildi.

1-sinf o‘quvchilari uchun “Prezident sovg‘asi”dan 12 turdagi o‘quv qurollari o‘rin olgan.

Jumladan, yorug‘lik qaytargich elementlari bo‘lgan portfel, 2 xil chiziqdagi 12 dona daftar, qalamdon, rasm daftari, rangli qog‘oz, sharikli ruchka, akvarel bo‘yoqlari, rangli qalamlar jamlanmasi, yelim, oddiy qalamlar va o‘chirg‘ich yangi o‘quv yilining ilk kuni “Prezident sovg‘asi” sifatida 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladi.