Bugun Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan kun: Buyuk ma’rifatparvar nega qatl etilgan?
Taniqli dramaturg, publitsist, jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yil 19 yanvarda Samarqandda tug‘ilgan.
Behbudiy dastlab yangi maktablar uchun darsliklar tuzgan. «Risolai asbobi savod», «Risolai jug‘rofiyai umroniy», «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy», «Kitobat ul-atfol», «Amaliyoti islom», «Tarixi islom» kabi kitoblar chop ettirgan.
1911 yilda «Padarkush» dramasini yozgan. "Samarqand" (hozirgi "Zarafshon") gazetasini, so‘ngra «Oyna» jurnalini chiqargan.
1919 yil bahorda Shahrisabzda Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinadi, Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi.
Xo‘sh, nega Behbudiy qatl qilingan? Uning qaysi ishi" qudrat sohiblari"ga yoqmay qolgandi?
Manbalarda yozilishicha, bu borada dastlabki ehtimol Buxoro amiri Sayid Olimxon bilan bog‘liq. Gap shundaki, Behbudiy "Oyina" jurnali hamda "Turkiston viloyati gazeti"da e’lon qilingan maqolalarida Rusiya Buxoroga turtki bermasa (tarbiya etmasa), maorif sohasida amirlik yangilik qilishga qodir emasligini uqtiradi. Abdurauf Fitratning "Munozara" asari "buxoriylarning ko‘zini ochadi - uyg‘onmoqligiga bois bo‘ladi", deydi. Bu, tushunarliki, amir mudrab yotibdi, degani edi.
XX asr boshlarida, rivojlangan davlatlarda telegraf, pochta, temir yo‘l, bank va tibbiyot (dorixonalar) odatdagi hayotiy ehtiyojga aylangani holda, Buxoro amirligida taraqqiyotning bu unsurlari yo‘qligi, iste’dodli yoshlarni xorijda o‘qitish - kelajak boshqaruvi uchun munosib kadrlar yetishtirish bo‘lishi, Buxoro amirligi (aniqrog‘i, amiri) g‘aflatda va zamondan xabarsiz, degan fikrlar "olampanoh"ga yoqmaydi.
Behbudiyning Buxoro iqtisodiyoti va axloqi haqidagi mana bu so‘zlariga e’tibor bering: "Samarqandda Buxoridin gado, o‘g‘ri, qimori, juvonbachcha, fohishalar kelur".
Bu iddaolar g‘araz bilan emas, Turkiston g‘ami o‘rtayotgan taraqqiyparvar insonning jaholat girdobida qolgan Buxoroni rivojlangan holda ko‘rish, ilm-ma’rifat ravnaqi bilan kelajakka qadam qo‘yishini orzulash bilan qattiq bog‘liq edi. Ko‘rinib turibdiki, Behbudiyni oradan ko‘tarish uchun amirga asoslar "yetarli" edi...
2020 yil Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludiga 145 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Toshkentdagi "Adiblar xiyoboni"da buyuk ma’rifatparvarning haykali o‘rnatildi, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi stipendiya ta’sis etildi. Shuningdek, Samarqand shahrida uy-muzeyi ochildi.
Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 30 sentyabrdagi farmoniga ko‘ra, Behbudiy Vatanimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.