Bugun O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun (1954-2001)

Ochig‘i, Muhammad Yusufni bilmagan, she’rlarini yod olmagan kishi bo‘lmasa kerak.

Sevikli shoirimiz 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlog‘ida tug‘ilgan.

O‘rta maktabdan so‘ng Rus tili va adabiyoti institutiga kirib, uni 1978 yili tamomlagan. Dastlab respublika Kitobsevarlar jamiyatida, keyinchalik - 1980-1986 yillarda “Toshkent oqshomi” gazetasida, 1986-1992 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida ishlagan. Umrining so‘nggi yillarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasini bajargan.

Muhammad Yusuf o‘nga yaqin she’riy to‘plamlar, ko‘plab qo‘shiqlar muallifi sifatida ko‘pchilik qalbidan joy olgan. Uning “Tanish teraklar”, “Bulbulga bir gapim bor”, “Iltijo” , “Uyqudagi qiz”, “Halima enam allalari”, “Ishq kemasi”, “Ko‘nglimda bir yor”, “Bevafo ko‘p ekan”, “Erka kiyik”, “Yolg‘onchi yor” kabi she’riy to‘plamlari, saylanmalari nashr etilgan.

1998 yilda Muhammad Yusufga “O‘zbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon berilgan.

2001 yilda 47 yoshida olamdan o‘tgan.

Muhammad Yusuf she’rlari xalqimiz yuragidan munosib o‘rin topgan. Uning she’rlari yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan she’rxonlar tilidan tushmaydi, dillarida aks-sado beradi.

***

Iqror

O, ota makonim, onajon o‘lkam,

O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.

Senday mehribon yo‘q, seningdek ko‘rkam,

Rimni alishmasman bedapoyangta.

 

Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha qirlar,

Qancha yurtni ko‘rdim, qancha taqdirlar.

Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,

Tog‘laring ortimdan ergashib yurar.

 

Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin.

Yo xudbinman men yo bir sodda kasman men –

Parijning eng go‘zal restoranlarin,

Bitta tandiringga alishmasman men.

 

Na gapga ko‘nayin, na til bilayin,

Ko‘zdan uyqu qochdi, dildan halovat —

Uch kunda sog‘insam nima qilayin,

Chala qolar bo‘ldi hamma sayohat.

 

Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,

Bildimki, yaqini shu tuproq menga.

Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,

Arab ohusidan azizroq menga.

 

Sen bilan o‘tgan har kun bayram — bazm,

Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.

Seni bilganlarga qilaman ta’zim,

Seni bilmaslarga rahmim keladi.

 

* * *

Ma’yus kunim ko‘zim tushsa,

Kuyar osmon, tushunmaysan.

Meni samo tushungaydir,

Sen, ey inson, tushunmaysan.

 

Kuyib ko‘ksim o‘tar bo‘lsam,

Oqar bo‘lsam, ketar bo‘lsam,

Meni daryo tushungaydir,

Sen, ey ummon, tushunmaysan.

 

Men ham shaydo, men ham maftun,

Men ham hech kimi yo‘q Majnun,

Meni laylo tushungaydir,

Sen, ey jonon, tushunmaysan.

 

Mening yo‘lim uzun armon,

O‘zim dovon, o‘zim karvon,

Meni sahro tushungaydir,

Sen, ey sarbon, tushunmaysan.

 

Mening borim erur ko‘nglim,

Mening yorim erur ko‘nglim,

Ma’yus tanho tushungaydir,

Sen, ey xandon, tushunmaysan…

 

Ma’yus kunim ko‘zim tushsa,

Kuyar osmon, tushunmaysan.

Meni Alloh tushungaydir,

Sen, ey xoqon, tushunmaysan.

 

Ko‘nglim gul, ko‘zlarim guldir,

Yuzim gul, qo‘llarim guldir.

Meni sabo tushungaydir,

Sen, ey to‘zon, tushunmaysan…

 

G‘uborimdir bo‘yi rayhon,

Minorimdir tilim biyron.

Meni dunyo tushungaydir,

Sen, ey nodon, tushunmaysan.