Bugun O‘zbekistonga 1 million doza vaksina olib kelinadi
Xitoy-O‘zbek olimlari hammuallifligida yaratilib, shu oy boshida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan "ZF-UZ-VAC2001" rekombinant vaksinasidan 1 million doza bugun Toshkentga olib kelinadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.
"Bu O‘rta Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib bunday katta partiyada vaksina sotib olinishi.
Bundan avval mamlakatga COVAX tomonidan 660 ming doza "Astra-Zeneca" vaksinalari taqdim etilgandi. Bu esa 1 apreldan boshlanishi kutilayotgan ommaviy emlashda kamida 1 million 660 ming aholini 1-doza bilan emlash imkoniyatini beradi.
Mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni yana ortib borayotgan bir paytda vaksina bilan emlash ishlarini jadallashtirish talab etiladi. Shu bois, hukumat tomonidan barcha resurslar, imkoniyatlar mamlakat aholisi uchun yetarli vaksinalar olib kelinishini ta’minlash hamda aholini katta qismini emlash ishlarini qisqa fursatlarda amalga oshirishga qaratilishi kerak", deb yozdi deputat.